
Toshkentda Sergeli avtomobil bozori atrofidagi tirbandliklarni kamaytirish uchun Yangi Sergeli ko‘chasida harakatni tashkil etishning yangi sxemasi joriy qilinmoqda. Bu haqda poytaxt Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) xabar berdi.
Unga ko‘ra, bugungi kunda bozor 5,4 mingta avtomobilga mo‘ljallangan bo‘lib, uning hududida 1,8 mingdan ortiq savdo obyektlari faoliyat yuritadi.
Yangi Sergeli ko‘chasiga tutash kirish-chiqish joylaridan 1,5 mingdan ortiq avtomobillar foydalanadi. Shu sababli bu hududda yillar davomida tirbandlik va transport yuklamasi yuqori bo‘lib kelgan.
Muammoni kamaytirish uchun bozor hududi bo‘ylab qo‘shimcha lokal yo‘l qurilmoqda. Ushbu yo‘l bozorga kirayotgan va undan chiqayotgan transport oqimini Yangi Sergeli ko‘chasidagi asosiy harakatdan ajratadi.
Endilikda haydovchilar asosiy yo‘lni band qilmasdan, oldindan lokal yo‘lga burilib, bozorga kirishi mumkin bo‘ladi. Bozordan chiqayotgan avtomobillar ham avval lokal yo‘lga chiqib, keyin umumiy oqimga tartibli qo‘shiladi.
Bu yechim keskin tormoz berish va burilish holatlarini kamaytiradi, Yangi Sergeli ko‘chasidagi yuklamani pasaytiradi hamda bozor atrofidagi harakatni xavfsizroq qiladi.
Yangi yo‘l bo‘ylab piyodalar va velosipedchilar uchun ham alohida infratuzilma yaratilmoqda.
Shuningdek, bozor ichidagi avtoturargohlar tartibga solinmoqda. Hududda 2 mingdan ortiq avtomobillar joyi uchun yo‘l chiziqlari chizildi.
YHTEM ma’lumotiga ko‘ra, yangi tartib jamoat transporti harakatini yengillashtirish, piyodalar uchun qulaylik yaratish va bozor atrofidagi harakatni yanada tushunarli qilishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sergeli avtomobil bozori buzilishi mumkinligi haqidagi xabarlar tarqalishi ortidan Sergeli tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirgandi. Unda bozor hududida buzish ishlari emas, balki modernizatsiya va obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.