Kremlga yaqin muxolifat Armanistondagi saylov natijalarini bekor qilishni talab qildi

Rossiyaga yaqin muxolif «Kuchli Armaniston» alyansi 12-iyun kuni mamlakat Markaziy saylov komissiyasiga parlament saylovlari natijalarini bekor qilish talabi bilan chiqdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Partiya vakili Aram Vardevanyan Yerevanda jurnalistlarga bergan bayonotida murojaat muxolifat tomonidan ilgari surilgan saylov qonunbuzarliklari haqidagi da’volar ortidan kiritilganini ma’lum qildi.
7-iyun kuni o‘tkazilgan saylovda «Kuchli Armaniston» 23,2 foiz ovoz to‘pladi. Alyans saylovoldi dasturida biznesni qo‘llab-quvvatlash va Armanistonning Rossiya bilan an’anaviy yaqin aloqalarini saqlab qolishni asosiy maqsadlardan biri sifatida ilgari surgan edi. Bosh vazir Nikol Pashinyan boshchiligidagi «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi esa 49,8 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Mazkur siyosiy kuch 2018-yilda hokimiyatga kelganidan buyon G‘arb davlatlari bilan hamkorlikni faol ravishda kengaytirib kelmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi yakuniy natijalarni 14-iyun kuni e’lon qilishi kutilmoqda. Armaniston OAVlariga ko‘ra, komissiya 11-iyun kuni ikki saylov uchastkasidagi natijalarni haqiqiy emas deb topgan. Bunga saylovlar yakunlanganidan so‘ng uchastkalarda harbiy xizmatchilar sonining ko‘pligi sabab bo‘lgan.
Ushbu qaror boshqa bir muxolif siyosiy kuch — «Farovon Armaniston» partiyasining natijalariga ham ta’sir ko‘rsatdi. Partiya rahbari ma’lum qilishicha, ovozlarning qayta hisoblanishi natijasida partiya parlamentga kirish uchun zarur bo‘lgan 4 foizlik saylov to‘sig‘idan pastga tushib qolgan.
Muxolifat vakillari saylov arafasida o‘z nomzodlari va tarafdorlariga nisbatan qator hibsga olish holatlari kuzatilganini ham tanqid qilmoqda. Shu bilan birga, xalqaro kuzatuvchilar missiyasi ovoz sotib olish va boshqa ehtimoliy qonunbuzarliklar haqidagi da’volarni qayd etgan bo‘lsa-da, saylov jarayoni aksariyat uchastkalarda tartibli va muammosiz o‘tganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Yerevan o‘rtasida aviaqatnov tiklangani haqida xabar bergan edik.