Buxoroda 188,2 mln so‘mlik sifatsiz dorilar savdosining oldi olindi

Buxoro shahrida umumiy qiymati 188,2 mln so‘mlik sifatsiz va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalarini muomalaga kiritish holatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Departamentning Buxoro shahri bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangani aytilayotgan fuqaro Buxoro shahri G‘ijduvoniy ko‘chasi hamda Vobkent tumani Xayrobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi noturar binolarda dori vositalarini saqlab kelayotgani aniqlandi.
Tekshiruvda ushbu joylarda sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan 15 turdagi jami 19 ming dona dori vositasi borligi ma’lum bo‘ldi. Ularning umumiy qiymati 188,2 mln so‘mga baholangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur dori vositalari realizatsiya qilish maqsadida saqlab kelingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda ish yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda 34 kgdan ortiq narkotik modda kontrabandasiga chek qo‘yilgani haqida yozgan edi.