Chevrolet Cobalt avtomobilining afzalliklari va kamchiliklari — tahlil

12-iyun 2026 10:25 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Cobalt avtomobilining afzalliklari va kamchiliklari: ekspertlar fikri
Manba: Chevrolet

Chevrolet Cobalt avtomobili xalq orasida juda ommabop model bo‘lib, joriy yilning yanvar-may oylarida 30 ming dona xarid qilingan. 110 km nashri e’lon qilgan maqolada modelning afzalliklari va kamchiliklari haqida so‘z boradi.

Avtomobil, ayniqsa, oila uchun oddiy va amaliy transport vositasi izlayotganlar orasida ommalashgan. 1,5 litrli benzin dvigatel, avtomat uzatma, keng salon va nisbatan yuqori klirens uni shahar ichida ham, notekis yo‘llarda ham qulay tanlovga aylantiradi. Shu bilan birga, modelning yoshi, ayrim texnik zaif joylari va shovqin izolyatsiyasining sustligi xarid oldidan albatta hisobga olinishi kerak.

Keng salon va oddiy dizayn

Foto: Chevrolet

Chevrolet Cobalt tashqi ko‘rinishi bilan yorqin taassurot qoldiradigan avtomobil emas. Uning dizayni sodda, biroz og‘ir ko‘rinishga ega, biroq aynan shu jihat modelni tanish va amaliy qiladi. Kuzovning yirikligi, noodatiy orqa chiroqlar va uzun sedan silueti uni yo‘lda darhol ajratib turadi.

Avtomobil uzunligi qariyb 4,5 metr, og‘irligi esa 1,2 tonna atrofida. Bu o‘lchamlar Cobalt’ni ixcham sedanlardan kattaroq ko‘rsatadi. Shunga qaramay, boshqaruv murakkab emas. Haydovchi o‘rindig‘ining balandlik bo‘yicha sozlanishi turli bo‘yga ega haydovchilar uchun qulaylik yaratadi. Yuqori o‘tirish pozitsiyasi esa yo‘lni yaxshi ko‘rish imkonini beradi.

Salon Cobalt’ning asosiy ustunliklaridan biri sanaladi. Ichki makonda qimmat materiallar ishlatilmagan, plastik qattiq va oson tirnaladi. Ammo ergonomika yomon emas. Old o‘rindiqlar nisbatan qulay, orqa qatorda esa baland bo‘yli yo‘lovchilar uchun ham yetarli joy bor. Bu jihat Cobalt’ni kichik oila yoki muntazam yo‘lovchi tashiydigan haydovchilar uchun foydali tanlovga aylantiradi.

Yo‘llar uchun moslangan xarakter

Foto: Chevrolet

Cobalt’ning 160 mm klirensi kundalik foydalanishda sezilarli afzallik beradi. Avtomobil bordyur, chuqur va notekis yo‘llardan o‘tishda haydovchini ortiqcha xavotirga solmaydi. Yumshoq osma tizimi yo‘l notekisliklarini yaxshi yutadi, bu esa uzoq masofalarda ham nisbatan qulay harakatlanish imkonini beradi.

Shu bilan birga, avtomobil sportcha boshqaruvni taklif qilmaydi. U asosan sokin va tejamkor yurishga moslangan. Yuqori tezlikda, ayniqsa 120 km/soatdan keyin, barqarorlik va yo‘lga yopishish hissi kuchli emas. To‘liq yuklama bilan harakatlanganda esa 1,5 litrli dvigatel quvvati yetishmayotgani seziladi.

1,5 litrli motor 106 ot kuchi ishlab chiqaradi. Bu ko‘rsatkich shahar sharoitida yetarli, ammo tezkor quvib o‘tishlar yoki to‘liq yuklangan holatda dinamikani cheklaydi. Cobalt’dan sportcha tezlanish kutish to‘g‘ri emas. Uning asosiy vazifasi — ishonchli, oddiy va tejamkor harakatlanish.

Tejamkorlik va xizmat ko‘rsatish xarajatlari

Foto: Chevrolet

Chevrolet Cobalt’ning muhim ustunliklaridan biri — yonilg‘i sarfi. Real foydalanishda avtomobil 100 kmga o‘rtacha 6–7 litr benzin sarflashi mumkin. Bu ayniqsa yonilg‘i narxi oshayotgan sharoitda muhim omil hisoblanadi.

Texnik xizmat ko‘rsatish ham murakkab emas. Avtomobil oddiy konstruksiyaga ega bo‘lgani uchun ko‘plab ustalar uni yaxshi biladi. Dvigatel moyi sifatida odatda GM 5W30 moyi ishlatiladi. Avtomat uzatma moyini taxminan 100 ming kmda almashtirish tavsiya qilinadi. Filtrlar esa 5–7 ming km oralig‘ida yangilab boriladi.

Ehtiyot qismlar bozorida Cobalt uchun detallar yetarli. Biroq original qismlar qimmat bo‘lishi mumkin. Dublikat ehtiyot qismlar esa o‘rtacha narx segmentida taklif etiladi. Bu jihat xaridor uchun tanlov imkonini beradi, ammo sifatli detal tanlashda ehtiyotkorlik talab etiladi.

Amaliy imkoniyatlar

Foto: Chevrolet

Cobalt’ning yana bir kuchli tomoni — bagaj hajmi. Sedan bo‘lishiga qaramay, uning yukxonasi juda keng. Orqa o‘rindiqlar buklanishi uzun buyumlarni tashishga ham imkon beradi. Egalarining tajribasiga ko‘ra, avtomobil turli maishiy yuklar, uzun materiallar va katta hajmdagi buyumlarni tashishda o‘zini yaxshi ko‘rsatadi.

Avtomobilga tirkama ulash imkoniyati ham bor. Cobalt 750 kg gacha bo‘lgan tirkamani torta oladi. Bu esa uni faqat shahar avtomobili emas, balki xo‘jalik ishlarida ham foydali transport vositasiga aylantiradi.

Salon isitkichining tez ishlashi sovuq mavsumda qulaylik yaratadi.

Konditsioner ham samarali ishlaydi. Audio tizim esa oddiy magnitola bilan ham kutilganidan yaxshiroq ovoz beradi. Bu Cobalt kabi budjet sedanda yoqimli jihatlardan biri hisoblanadi.

Kamchiliklar va odatiy muammolar

Foto: Chevrolet

Chevrolet Cobalt’ning eng ko‘p tilga olinadigan kamchiliklaridan biri — shovqin izolyatsiyasining sustligi. Salon tashqi tovushlarni yaxshi ushlab qolmaydi. Ayniqsa qishki shinalarda yoki yomg‘irdan keyin harakatlanganda g‘ildiraklar ostidagi tovushlar salonga aniq eshitiladi.

Yana bir muammo — gidravlik rul kuchaytirgich shlangi. Ayrim egalar tajribasida u foydalanishning ikkinchi yilidayoq yorilishi mumkin. Bu holat xaridor avtomobilni tekshirayotganda albatta e’tibor berishi kerak bo‘lgan nuqtalardan biridir.

Isitiladigan haydovchi o‘rindig‘i ham vaqt o‘tishi bilan nosozlik berishi mumkin. Uni almashtirish qimmatga tushadi va har doim ham iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamaydi. Pechka motorchasining chiyillashi, nam havoda oynalarning terlashishi kabi mayda noqulayliklar ham uchrab turadi. Bunday holatlarda pechka yoki konditsionerni to‘g‘ri ishlatish muammoni qisman kamaytiradi.

108 ming km atrofidagi yurish masofasida stabilizator ustunlari, dvigatel tayanchlari, g‘ildirak podshipniklari, gaykalar va kolenval salnigi kabi qismlar almashtirilgani qayd etilgan. Keyingi bosqichda amortizator ustunlari, sharli tayanchlar, tormoz disklari, barabanlar va old oynani yangilash zarurati paydo bo‘lishi mumkin. Bu esa 10 yildan oshgan avtomobil uchun tabiiy xarajatlar sirasiga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» nashri Chevrolet Cobalt avtomobilida 100 ming kilometrdan keyin ko‘p uchraydigan muammolarhaqida yozgan edi.

Shuningdek