Qo‘pol qoidabuzarlar avtomobildan vaqtincha ayrilishi mumkin — yangi takliflar

O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi takliflar ishlab chiqildi. Bu haqda YHXX boshlig‘i Sherzod Ibragimov ma’lum qildi.
Takliflarga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarining besh turdagi qo‘pol buzilishi uchun ma’muriy jazo sifatida transport vositasini vaqtincha olib qo‘yish chorasi joriy etilishi mumkin.
Shuningdek, noqonuniy poyga tashkil etish va unda qatnashish, yuk avtomobillarini tungi vaqtda yo‘l chetida qoldirish kabi holatlar uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilgan.
Mast holda boshqarganlarga qamoq jazosi
Yangi takliflarga muvofiq, transport vositasini mast holda boshqargan shaxslarga nisbatan 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.
Bundan tashqari, transport boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan yoki bundan mahrum etilgan shaxs tomonidan sodir etilgan yo‘l bezoriligi uchun avtomobilni musodara qilish yoki vaqtincha olib qo‘yish chorasi ham nazarda tutilmoqda.
Jarimalar uchun chegirma bekor qilinishi mumkin
Qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilarga jarimani chegirma bilan to‘lash imkoniyatini bir yil muddatga cheklash taklif qilinmoqda.
Shu bilan birga, takliflarning eng muhim jihatlaridan biri voyaga yetmagan shaxslarga transport boshqarishga ruxsat berish oqibatida odam tan jarohati olgan, halok bo‘lgan yoki boshqa og‘ir oqibatlar yuzaga kelgan hollarda to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilash.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda noto‘g‘ri joyda to‘xtagan avtomobillar evakuatsiya qilinayotgani xabar berilgandi. Amaliy kuzatuvlarga ko‘ra, shaharning ayrim hududlarida transport vositalari piyodalar yo‘laklari, piyodalar o‘tish joylari yaqinlari, jamoat transporti bekatlari, yashil hududlar hamda to‘xtash va to‘xtab turish taqiqlangan joylarda qoldirilmoqda. Bunday holatlar piyodalarning erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qilib, jamoat transporti faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.