AQSh Adliya vazirligi Paramount va Warner Bros. Discovery birlashuvini ma’qulladi

AQSh Adliya vazirligining monopoliyaga qarshi bo‘limi Paramount va Warner Bros. Discovery kompaniyalarining $111 mlrd lik birlashuvi raqobat hamda iste’molchilarga zarar yetkazmaydi degan xulosaga kelib, bitimni tasdiqladi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Agar kelishuv barcha bosqichlardan o‘tsa, CBS News, CNN, HBO, Warner Bros., Paramount va boshqa yirik mediaaktivlar yagona «xolding» tarkibiga kiradi. Sanoat vakillari bu holat kinostudiyalar sonining qisqarishi, yangiliklar tahririyatlarining birlashishi va ommaviy ishdan bo‘shatishlarga olib kelishidan xavotirda.
Biroq bitimni to‘liq yakunlangan deb hisoblashga hali erta. Kelishuv Buyuk Britaniya va Yevropada hamon nazorat idoralari tomonidan tekshirilmoqda. Bundan tashqari, bir nechta Amerika shtatlarining bosh prokurorlari ushbu birlashuvga qarshi chiqishi mumkinligi aytilmoqda.
Avvalroq Kursiv nashri Netflix Warner Bros. Discovery’ni sotib olishdan voz kechgani haqida xabar berdi.