6-avgustdan bankomatdagi nosozliklar uchun banklarga jarima qo‘llanadi

eʼlon qilindi
Bankomatlar faoliyatidagi uzilishlar va mijozlarga xizmat ko‘rsatishdagi kamchiliklar uchun
bankomat
Foto: istemolchi-info.uz

Markaziy bank 2026-yil 6-avgustdan boshlab bankomatlar faoliyatidagi uzilishlar va mijozlarga xizmat ko‘rsatishdagi kamchiliklar uchun banklarga moliyaviy sanksiyalar qo‘llashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Senat yalpi majlisida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2025-yilda bankomatlar bilan bog‘liq 290 mingdan ortiq muammoli holatlar qayd etilgan. Ularga naqd pul berilmasligi, kartalarning bankomatda qolib ketishi va boshqa texnik nosozliklar kiradi. Ayrim murojaatlar uzoq muddat davomida hal etilmagan, minglab fuqarolar esa masalani hal qilish uchun ichki ishlar organlariga murojaat etishga majbur bo‘lgan.

Timur Ishmetovning ta’kidlashicha, o‘tgan yili bankomatlar orqali 341 milliondan ortiq operatsiya amalga oshirilgan va muammoli tranzaksiyalar ulushi 0,08 foizni tashkil qilgan. Shu bilan birga, qayd etilgan holatlarning katta qismi banklar faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan omillar — elektr energiyasi va aloqa tizimidagi uzilishlar, noto‘g‘ri PIN-kod kiritilishi yoki kerakli nominaldagi kupyuralar yetishmasligi bilan izohlanadi.

Biroq regulyator mijozlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish niyatida. Shu maqsadda bankomatlar orqali xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha yangi talablar ishlab chiqilgan. Endilikda bunday muammolar oddiy texnik nosozlik emas, balki iste’molchi huquqlarining buzilishi sifatida baholanadi.

Markaziy bank tomonidan tayyorlangan yangi tartiblardan biri 6-avgustdan kuchga kiradi. Unga ko‘ra, bankomatlar bilan bog‘liq xizmat ko‘rsatish standartlarini buzgan banklarga moliyaviy jarimalar qo‘llanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank tijorat banklari, to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlariga bankomat infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha yangi ko‘rsatmalar bergani haqida yozgandi.

Shuningdek