Dunyo navbatdagi pandemiyaga tayyormi? Kongodagi vaziyat xavotir uyg‘otmoqda

Kongo Demokratik Respublikasida kuzatilayotgan Ebola virusi tarqalishi global sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolarni yana bir bor yuzaga chiqardi. Financial Times nashrining yozishicha, mazkur vaziyat dunyoning yangi pandemiyalarga qanchalik tayyor ekanini sinovdan o‘tkazmoqda.
Mutaxassislar fikricha, Ebola infeksiyasining hozirgi avj olishi Covid-19 pandemiyasidan keyin shakllangan xalqaro sog‘liqni saqlash tizimining zaif tomonlarini namoyon qilmoqda. Xususan, sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘larning qisqarishi, epidemiologik nazorat mexanizmlarining sustlashuvi hamda tibbiyot tizimlariga bo‘lgan ishonchning pasayishi xavotir uyg‘otmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kongoda Ebola bilan kasallanganlar soni 670 nafarga yaqinlashgan. Kasallik oqibatida 130 dan ortiq kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Ekspertlar, shuningdek jahon hamjamiyatining «Kasallik X» deb ataluvchi ehtimoliy yangi infeksiyaga tayyorgarligi yetarli emasligini ta’kidlamoqda. Ushbu atama kelajakda pandemiyaga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan, hozircha noma’lum kasalliklarni anglatadi.
Vaziyatni murakkablashtirayotgan omillardan yana biri — Ebola virusining ayni paytda tarqalayotgan Bundibugyo shtammiga qarshi tasdiqlangan vaksinaning mavjud emasligidir. Bundan tashqari, mamlakatning sharqiy hududlarida davom etayotgan qurolli mojarolar tibbiyot xodimlarining faoliyatini qiyinlashtirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kongoda Ebola virusini yuqtirganlar 515 kishiga yetgani haqida yozgandi.