Mirziyoyev Donald Trampni tavallud kuni bilan tabriklab, O‘zbekistonga taklif etdi

eʼlon qilindi
Maktubda Donald Tramp O‘zbekistonga ilk tarixiy tashrif bilan kelishga taklif etilgani ham ma’lum qilingan
Foto: prezident.uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Trampga tavallud kuni – yubiley munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari tabrik maktubida Donald Trampning siyosiy faoliyati va yetakchilik fazilatlariga yuqori baho berdi.

«Sizni boy tajribaga ega, o‘z xalqining hurmat va ehtiromiga sazovor bo‘lgan atoqli davlat arbobi sifatida yaxshi bilamiz. Sizning qat’iy siyosiy yetakchiligingiz va mustahkam irodangiz tufayli Amerika Qo‘shma Shtatlarining xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va qudrati tobora mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidlashni istar edim», – deyiladi tabrikda.

Maktubda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar bugungi kunda izchil rivojlanib borayotgani, o‘zaro hurmat, ishonch va manfaatlarga asoslangan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etilgan.

«Bugun O‘zbekiston — AQSh aloqalari har qachongidan ham mustahkam va amaliy ruh kasb etayotgani ham ayni haqiqatdir», – deya ta’kidlangan murojaatda.

Mirziyoyev O‘zbekiston AQSh bilan ko‘p qirrali va strategik sheriklikka asoslangan aloqalarni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini bildirgan. Xususan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etilgan.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Donald Trampning xalqaro maydonda tinchlik-barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuksak baholab, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik turli xalqaro va mintaqaviy platformalar doirasida ham izchil rivojlanishiga ishonch bildirgan.

Maktubda strategik sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish maqsadida Donald Tramp O‘zbekistonga ilk tarixiy tashrif bilan kelishga taklif etilgani ham ma’lum qilingan.

Yakunda Mirziyoyev AQSh yetakchisiga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va davlat boshqaruvidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar, Amerika xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinni Rossiya kuni bilan tabriklagani haqida yozgandi.

Shuningdek