Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinni Rossiya kuni bilan tabrikladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin nomiga tabrik maktubi yo‘llab, uni hamda Rossiya xalqini milliy bayram — Rossiya kuni bilan qutladi.
Davlat rahbari o‘z tabrigida ushbu sana rus xalqining boy tarixiy va ma’naviy merosini, shuningdek, mamlakatning taraqqiyot hamda yuksalish yo‘lidagi intilishlarini o‘zida mujassam etishini ta’kidladi.
Maktubda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani, savdo-iqtisodiy, hududlararo hamda madaniy-gumanitar hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etilgan.
Prezident yaqinda Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlar ikki davlat o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlaganini alohida ta’kidladi.
«Ishonamanki, erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida ko‘p qirrali sheriklikning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi», – deyiladi tabrik maktubida.
Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinga mas’uliyatli davlat faoliyatida muvaffaqiyatlar, Rossiya xalqiga esa tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Armaniston bosh vazirini tabriklagani haqida yozgandi.