AQSh – Eron kelishuvi ortidan neft 4 foizga arzonlashdi

AQSh va Eron o‘rtasida tinchlik kelishuvi e’lon qilingach, jahon bozorlarida neft narxi pasaydi, Yevropa va Osiyo fond indekslari esa o‘sish bilan savdo qildi. Bu haqda Oninvest xabar berdi.
Brent nefti fyucherslari 5 foizga yaqin arzonlab, bir barrel uchun $83,04 gacha tushdi. AQShning WTI nefti esa 5,7 foizga pasayib, $80 atrofida savdolandi.
Yevropa fond bozorlarida aksiyalar o‘sdi. Stoxx 600 indeksi 1,3 foizga, Fransiyaning CAC 40 va Germaniyaning DAX indekslari esa 1,8 foizga ko‘tarildi. Britaniyaning FTSE 100 indeksi ham o‘sish bilan savdo qildi.
Osiyo bozorlarida ham ijobiy dinamika kuzatildi. Janubiy Koreyaning Kospi indeksi 5,2 foizga, Yaponiyaning Nikkei 225 indeksi 5 foizga, Topix esa 3 foizga oshdi. Xitoyning CSI 300 indeksi 2,2 foizga ko‘tarildi.
Kriptovalyuta bozori ham o‘sishga o‘tdi. Bitkoin 2,3 foizga qimmatlab, $66 mingga yaqinlashdi.
Bozorlarning bunday munosabati AQSh va Eron o‘rtasidagi kelishuv geosiyosiy xavflarni kamaytirgani bilan izohlanmoqda. Investorlar Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft tashuvlari tiklanishidan umid qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kelishuvning rasmiy imzolanishi 19-iyun kuni Shveysariyada bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Buyuk Britaniya va Fransiya rahbarlari kelishuvni qo‘llab-quvvatladi. Ular Hormuz bo‘g‘ozining ochilishi mintaqaviy barqarorlik va jahon energetika bozori uchun muhimligini ta’kidladi.