Chirchiq daryosi bo‘yida 1,4 trillion so‘mlik biznes va turar joy hududi qurilishi mumkin

eʼlon qilindi
«Daryo bo‘yi business city» loyihasi taqdim etildi
Chirchiq daryosi bo‘yida 1,4 trillion so‘mlik biznes va turar joy hududi qurilishi mumkin
Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Poytaxtning Bektemir tumanida Chirchiq daryosi qirg‘og‘ini zamonaviy shahar hududiga aylantirishni nazarda tutuvchi «Daryo bo‘yi business city» loyihasi taqdim etildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha doirasida daryoning 16 kilometrlik qismi bo‘ylab yangi turar joylar, biznes markazlari, dam olish maskanlari va yashil hududlar barpo etilishi rejalashtirilmoqda.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha qamrovi qariyb 959 gektarni tashkil etadi. Hududning 300 gektardan ortiq qismi investorlar ishtirokida o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Umumiy qiymati 1,4 trillion so‘mdan ziyod baholanayotgan loyiha bir nechta funksional zonalardan iborat bo‘ladi.

Dastlabki bosqichda Tech City hududini rivojlantirish rejalashtirilgan. Bu yerda sanoat va biznes obyektlari, turar joylar, ijtimoiy infratuzilma, shuningdek, keng ko‘lamli yashil maydonlar tashkil etiladi. Hududda avtomobil yo‘llari, piyodalar va velosiped yo‘laklari qurilishi ham nazarda tutilgan.

Loyiha doirasida umumiy maydoni 108 gektarga teng bo‘lgan 12 ta sun’iy suv havzasini yaratish rejalashtirilmoqda. Mutaxassislar suv sathini boshqarish va qirg‘oqlarni mustahkamlash bo‘yicha muhandislik yechimlarini ham ishlab chiqqan.

Toshkent shahar hokimligi mazkur loyiha poytaxtning qirg‘oqbo‘yi hududlarini rivojlantirish, ekologik holatni yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarining o‘sishiga turtki berishini ta’kidlamoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda ulushli uy-joy qurilishida eskrou tizimi joriy etilishi haqida yozgandi.

Shuningdek