Ford Mondeo Sport gibrid modelini taqdim etdi

15-iyun 2026 10:39 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Ford Mondeo Sport gibrid modelini taqdim etdi
Foto: Ford

Ford kompaniyasi 2026-yilgi Chongqing avtosalonida yangi Ford Mondeo Sport Edition modelini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Xitoy bozoriga mo‘ljallangan ushbu avtomobil fastbek-krossover uslubidagi kuzovga ega bo‘lib, gibrid kuch qurilmasi bilan jihozlangan. Modelning boshlang‘ich narxi 209 800 yuan etib belgilangan. Bu taxminan $31 mingga teng. Yuqoriroq ST-Line versiyasi esa 229 800 yuan, ya’ni qariyb $34 mingdan sotuvga chiqarildi.

Ford Mondeo Sport Edition ikki xil komplektatsiyada taklif qilinadi. Har ikki versiya 2,0 litrli turbomotor va elektromotordan iborat EcoBoost E gibrid tizimiga ega. Ushbu tizim umumiy hisobda 308 ot kuchi ishlab chiqaradi.

Foto: Ford

Kompaniya elektrlashtirishni faqat ekologik talablar uchun emas, balki samaradorlik va dinamikani birlashtirish vositasi sifatida ko‘rmoqda.

Mondeo Sport gibrid tizimi tezlanishda yuqori quvvat berishi, shosse va odatiy harakatda esa yoqilg‘i sarfini kamaytirishi kerak.

Ford ma’lumotiga ko‘ra, avtomobilning WLTC sikli bo‘yicha aralash yoqilg‘i sarfi 100 kilometrga 5,99 litrni tashkil etadi. Shosse rejimida esa bu ko‘rsatkich 4,64 litrga tushadi. Shu hisob-kitoblarga ko‘ra, Mondeo Sport Edition bir bak yoqilg‘i bilan nazariy jihatdan 915 kilometrgacha yo‘l bosishi mumkin.

Kompaniya sinovlari ushbu natijaga erishish mumkinligini ko‘rsatganini bildirgan. Biroq real sharoitda yurish zaxirasi yoqilg‘i sifati, yo‘l holati, haydash uslubi va ob-havo kabi omillarga qarab farq qilishi mumkin.

Texnik xususiyatlar

Foto: Ford

Ford bu modelda Xitoy bozoridagi ko‘plab plagin-gibrid raqobatchilardan farqli yo‘lni tanlagan. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar odatda katta batareya va uzoq elektr yurish zaxirasiga urg‘u berayotgan bir paytda, Ford oddiyroq klassik gibrid arxitekturani saqlab qolgan. Bunday yondashuv quvvatlash infratuzilmasiga bog‘liqlikni kamaytiradi va avtomobildan foydalanishni soddalashtiradi.

Mondeo Sport Edition Ford’ning Xitoydagi Mondeo oilasini kengaytiradi. 2025-yil dekabrida kompaniya Xitoy bozori uchun yangilangan Mondeo sedanini taqdim etgan edi. U 2,0 litrli turbomotor bilan jihozlangan bo‘lib, 257 ot kuchi va 408 Nm aylanish momenti ishlab chiqaradi.

Yangi Sport Edition esa Mondeo nomini fastbek-krossover segmentiga olib chiqmoqda. Model uzunligi 4 920 mm, g‘ildirak bazasi esa 2 945 mmni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar uni o‘rta sinfning yuqori qismidagi yirik avtomobillar qatoriga kiritadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 2026-yilning eng arzon pikaplari reytingi e’lon qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek