
Futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionati guruh bosqichi 1-turidan o‘rin olgan Monterrey stadionidagi bahsda Shvetsiya milliy terma jamoasi Tunisni 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Uchrashuv Tunis uchun yomon boshlandi. O‘yinning 7-daqiqasidayoq yosh iqtidor egasi Yasin Ayari hisobni ochib, Shvetsiyaga ruhiy ustunlik taqdim etdi. 30-daqiqada Viktor Gyokeresh o‘ziga xos tarzda markazdan ajoyib uzatmani amalga oshirdi va uning sherigi Aleksander Isak imkoniyatni qo‘ldan boy bermay, hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirdi — 2:0.
43-daqiqada Xannibal Mejbrining ijodkorona uzatmasini Omar Rekik aniq yakunlab, intrigani qaytardi. Ikkinchi bo‘limda afrikaliklar hisobni tenglashtirish uchun bor kuchini tashladi. Biroq, Tunis o‘yinni qutqarish haqida jiddiy o‘ylayotgan bir paytda, Shvetsiya yulduzlari yana sahnaga chiqdi.

Bu safar rollar almashdi: 59-daqiqada Aleksander Isakning pasidan so‘ng, endi Viktor Gyokeresh o‘z nomini tabloga yozdirib, barcha qarshiliklarga nuqta qo‘ydi — 3:1. 85-daqiqda Matias Svanberg hisobni yanada yiriklashtirdi. O‘yinga yakuniy nuqtani Ayari qo‘shib berilgan daqiqalarda qo‘ydi.
Bu ishonchli g‘alaba Shvetsiyaga muhim 3 ochkoni taqdim etdi. Guruhning 2-turida Shvetsiya yana bir favorit Niderlandiya bilan to‘qnash keladi. O‘ziga xos xarakterga ega bo‘lgan Tunis esa o‘zining keyingi taqdirini hal qiluvchi o‘yinda Yaponiyaga qarshi maydonga tushishga tayyorgarlik ko‘radi.
Avvalroq Kursiv nashri Amad Dialloning so‘nggi daqiqadagi goli Kot-d’Ivuarga g‘alaba keltirgani haqida xabar bergan edi.