
AQSh poytaxti Vashington shahridagi Oq uyda o‘tkazilgan UFC turnirining markaziy jangida yengil vazn toifasi chempioni Iliya Topuriya va vaqtinchalik chempion Jastin Getji oktagonga chiqdi.
Murosasiz kechgan bahs to‘rtinchi raunddan so‘ng yakunlandi. Topuriya olgan zarbalari sabab beshinchi raundga chiqa olmadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uchinchi raunddan keyin unda ko‘rish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan, to‘rtinchi raunddan so‘ng esa jangni davom ettira olmasligi ma’lum bo‘lgan.
37 yoshli Jastin Getji yengil vazn toifasida UFC chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi. Bu natija Iliya Topuriyaning professional MMA faoliyatidagi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi. Endilikda uning rekordi 17 g‘alaba va 1 mag‘lubiyatni tashkil etadi.

Getji esa faoliyatidagi navbatdagi muhim g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Amerikalik jangchining professional rekordi 28 g‘alaba va 5 mag‘lubiyatga yetdi.
Turnirning ikkinchi asosiy jangida og‘ir vazn toifasida vaqtinchalik chempionlik kamari uchun fransiyalik Siril Gan va braziliyalik Aleks Pereyra o‘zaro to‘qnash keldi. Ushbu bahsda Gan raqibini nokautga uchratib, vaqtinchalik chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi.
Oq uyda tashkil etilgan mazkur UFC kechasi asosiy janglar natijasi bilan muxlislar e’tiborini tortdi. Ayniqsa, Topuriyaning ilk mag‘lubiyati va Getjining chempionlikka erishgani turnirning eng muhim voqealaridan biri bo‘ldi.
Avvalroq «Kursiv» Chimayev ilk bor mag‘lub bo‘lgani haqida yozgan edi.