JCh — 2026: Yaponiya so‘nggi daqiqadagi gol evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qoldi

15-iyun 2026 05:45 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Foto: FIFA.com

Jahon chempionatining «F» guruhi 1-turi doirasida Yaponiya terma jamoasi Niderlandiyaga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida muvozanatni tiklab, 2:2 hisobida jangovar durang qayd etdi.

Uchrashuvning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi, asosiy gollar shousi ikkinchi taymda yuz berdi. 51-daqiqada niderlandiyaliklar sardori Virjil van Deyk hisobni ochgan bo‘lsa, oradan olti daqiqa o‘tib yaponiyalik Keyto Nakamura muvozanatni tikladi. 64-daqiqada Krisensio Sammervill nederlandiyaliklarni yana oldinga olib chiqdi.

O‘yin yakunlanishi arafasida Osiyo vakillari kuchli iroda namoyish etdi. 89-daqiqada Koki Ogavaning uzatmasidan so‘ng Daiti Kamada Niderlandiya darvozasini ishg‘ol qilib, Yaponiyani mag‘lubiyatdan saqlab qoldi. Niderlandiya terma jamoasining ikkala goliga ham Rayan Gravenberx hammualliflik qildi.

Uchrashuv yakunida niderlandiyaliklardan Memfis Depay hamda Miki van de Ven sariq kartochka bilan ogohlantirildi. «F» guruhining 2-turida Niderlandiya terma jamoasi Shvetsiya bilan, Yaponiya esa Tunisga qarshi bahs olib boradi.

Avvalroq Kursiv nashri Germaniya Kyurasaoni yirik hisobda yutgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek