Sariosiyoda kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotish bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Departamentning Sariosiyo tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida ikki shaxs o‘zaro til biriktirib, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullangani aniqlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fuqarolardan biri keyinchalik sotish maqsadida boshqa shaxsdan 500 dona «Zardeks» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 32 mln so‘mga sotib olayotgan vaqtida ushlangan. Mazkur dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu modda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bog‘liq javobgarlikni nazarda tutadi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Farg‘onadan Toshkentga olib ketilayotgan giyohvandlik moddasi to‘xtatib qolingani haqida yozgan edi.