O‘zbekistonda muhim minerallarni qayta ishlashga oid 120 ta loyiha amalga oshiriladi

O‘zbekistonda 2026–2030-yillarda muhim minerallarni qazib olish va chuqur qayta ishlashga oid qiymati $4,2 mlrdlik 120 ta loyiha amalga oshiriladi. Shavkat Mirziyoyev mazkur soha bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda qayd etilishicha, O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishda katta salohiyat mavjud bo‘lsa-da, Texnologik metallar kombinatining faoliyati hozircha asosan volfram va molibden ishlab chiqarish bilan cheklanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, yangi konlarni o‘zlashtirish, boyitish fabrikalari, gidrometallurgiya va pirometallurgiya zavodlarini qurish orqali 28 turdagi muhim minerallarni sanoat miqyosida ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Rejalashtirilgan loyihalar natijasida tarmoq hajmini 2028-yilgacha $1 mlrdga, 2030-yilgacha esa $2 mlrdga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning o‘zida qiymati $166 mlnlik 12 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Natijada yuqori soflikdagi selen, tellur va reniy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, kukun metallurgiyasi asosida avtodetallar kabi 21 turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hamda sulfat kislotasi ishlab chiqariladi. Yangi quvvatlar hisobiga qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishi, eksport salohiyati va budjet tushumlari oshishi kutilmoqda.
Shuningdek, Chirchiq shahrida «Kelajak metallari» texnoparki va ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini kengaytirish rejalashtirilgan. Bu yerda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda yuqori soflikdagi metallar va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zarur sharoit yaratiladi.
Taqdimotda Markaziy Osiyoda muhim minerallar bo‘yicha yagona ilmiy-tadqiqot va texnologik markazni shakllantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Chirchiqda tashkil etilayotgan nanotahlil laboratoriyasi to‘liq ishga tushgach, kuniga mingtagacha namuna tahlil qilinadi, $6,5 mlnlik import xizmatlari mahalliylashtiriladi va 4 million dollarlik xizmatlar eksporti yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BAA kompaniyasi O‘zbekistonda keramika mahsulotlari ishlab chiqarishi haqida xabar bergan edik.