Samarqandda Rossiyaga ishlash uchun ketayotganlarga yangi test markazi ochiladi

Samarqand viloyatida Rossiyaga mehnat faoliyati uchun borayotgan fuqarolarni tayyorlash va sinovdan o‘tkazish uchun yangi test markazi tashkil etiladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, loyiha Rossiya tomoni bilan hamkorlik doirasida amalga oshiriladi. Markazda migrantlar uchun rus tili, Rossiya tarixi hamda amaldagi qonunchilik bo‘yicha test va tayyorgarlik ishlari yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, Sankt-Peterburgdagi migratsiya markazlarining ish hajmini oshirish va xizmat sifatini yaxshilash bo‘yicha ham kelishuvga erishilgan. Bu jarayonda O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi ham ishtirok etadi.
Tomonlar mehnat migratsiyasi jarayonini tartibga solish, vatandoshlar huquqlarini himoya qilish hamda ularga huquqiy yordam ko‘rsatishni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishini bildirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Surxondaryoda birinchi «Yagona migratsiya markazi» ish boshlagani haqida yozgandi.