Samarqanddagi nodavlat bog‘chada 3 yoshli bola suvga tushib, halok bo‘ldi

Samarqand viloyatida 3 yoshli bola bog‘cha hududidagi suv havzasiga tushib ketib, hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, hodisa 2026-yil 5-iyun kuni Payariq tumani «Sarbazor» MFYda joylashgan «Yulduzcha» nomli nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan. 2023-yilda tug‘ilgan tarbiyalanuvchi bog‘cha hududida favqulodda holatlar uchun qurilgan suv havzasiga tushib ketgan. Oqibatda bola vafot etgan.
Hozirda holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Rasmiylar marhum bolaning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bag‘dod tumanidagi suv havzasida bir kishi cho‘kib halok bo‘lgani haqida yozgandi.