Xorijiy va xususiy OTMlardan o‘qishni ko‘chirishning yangi tartibi tasdiqlandi

eʼlon qilindi
Talabalar o‘qishni ko‘chirish uchun har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar ariza topshirishi mumkin
Foto: Ijtimoiy tarmoqdan olindi

O‘zbekistonda xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish tartibi rasman tasdiqlandi. Hukumat qarori bilan mazkur davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlanib, o‘qishni ko‘chirish jarayonining barcha bosqichlari belgilab berildi.

Yangi tartibga ko‘ra, sohada vakolatli davlat organi sifatida Bilim va malakalarni baholash agentligi faoliyat yuritadi. Talabalar o‘qishni ko‘chirish uchun har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar ariza topshirishi mumkin. Arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz), Bilim va malakalarni baholash agentligining elektron platformasi (my.uzbmb.uz) yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi. Xizmat uchun bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi.

Arizalar tegishli davlat OTMlari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan, noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar aniqlangan hamda belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagan hollarda ariza rad etilishi mumkin.

Hujjatlari qabul qilingan talabgorlar mos ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sinovlardan o‘tadi. Ta’lim yo‘nalishiga qarab test sinovlari yoki kasbiy-ijodiy imtihonlar tashkil etiladi. Imtihon yakunlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan bir hafta ichida elektron shaklda e’lon qilinadi. Natijalar QR-kod bilan himoyalangan bo‘ladi.

Qarorning muhim jihatlaridan biri xorijiy til va umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy hamda xalqaro sertifikatlarni hisobga olish tartibining joriy etilishidir. Unga ko‘ra, «B1» darajadagi sertifikatga ega talabgorlar tegishli fan bo‘yicha maksimal ballning 75 foizini oladi. «B2» va undan yuqori darajadagi sertifikat sohiblariga esa o‘sha fan bo‘yicha maksimal ball beriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan xorijiy diplomlarni tan olish testi boshqa sanaga ko‘chirilgani haqida yozgandi.

Shuningdek