Bekobodda YTH sodir etib, jasadni kanalga tashlagan IIB xodimi qamaldi

Bekobodda mashinasida piyodani urib yuborib, uning jasadini kanalga tashlagan sobiq ichki ishlar xodimiga nisbatan sud hukmi o‘qildi. «Zamon» dasturida ma’lum qilinishicha, sud uni 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.
2025-yil 11-dekabr kuni Bekobod tumani hududidan o‘tuvchi Bo‘ka – Bekobod avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan mudhish voqea yuzasidan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Nexia-3 avtomobilini boshqargan Bekobod shahar IIBning jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili 43 yoshli piyodani urib yuborgan.
Sudda ma’lum qilinishicha, haydovchi avval jabrlanuvchini avtomobiliga olib, shifoxonaga olib borishga harakat qilgan. Biroq keyinchalik voqeani yashirish maqsadida uni Do‘stlik kanaliga tashlab yuborgan. Marhumning jasadi hodisadan qariyb 80 kun o‘tib topilgan.
Sudlanuvchi sud jarayonida qilmishidan pushaymon ekanini bildirib, yengillik so‘radi. Jabrlanuvchi tomoni esa aybdorga qonuniy jazo tayinlanishini talab qildi.
Sud tergovida to‘plangan dalillar, DNK ekspertizalari, voqea joyidan olingan ashyoviy dalillar va boshqa hujjatlar o‘rganilib, sudlanuvchi aybdor deb topildi.
Bekobod tumani sudi hukmiga ko‘ra, sobiq IIB xodimi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi hamda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Sud taraflarga hukm ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish huquqi mavjudligini eslatdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda Nexia-3 ishtirokidagi YTH oqibatida bir kishi vafot etgandi. Yo‘l-transport hodisasi 22-may kuni taxminan soat 13:00 da Fayzli Toshkent ko‘chasi 60-uy qarshisida yuz bergan. Nexia-3 mashinasini 2001-yilda tug‘ilgan haydovchi boshqarayotgan bo‘lgan. Katta tezlikda harakatlanish natijasida u boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda avtomobil yo‘l chetidagi beton ustunga borib urilgan.