JCh–2026 munosabati bilan oltin va kumush esdalik tangalari chiqariladi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixda ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionatiga yo‘l olishi munosabati bilan maxsus oltin va kumush esdalik tangalari sotuvga chiqariladi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining «Jahon chempionati – 2026»da ishtirok etishi mamlakat sporti tarixidagi eng muhim voqealardan biri sifatida e’tirof etilib, ushbu natijani tarixga muhrlash maqsadida 999,9 asllikdagi sof oltin va kumush tangalar zarb etilgan.
Esdalik tangalarining avers qismida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi logotipi, klassik futbol to‘pi tasviri hamda «Tarixiy zafar. O‘zbekiston futboli jahon chempionatida – 2026» yozuvi aks ettirilgan. Mazkur dizayn elementlari milliy terma jamoaning ilk mundial yo‘llanmasi va O‘zbekiston futboli tarixidagi yangi bosqichni ifodalaydi.

Tangalar revers qismida esa muxlislar orasida «Oq bo‘rilar» nomi bilan tanilgan milliy terma jamoa ramzi tasvirlangan. Bo‘ri silueti futbolchilarning shijoati, jamoaviy ruhi va matonatini ifodalasa, uning tarkibiga kiritilgan 26 nafar futbolchi silueti tarixiy natija butun jamoaning birdamligi va mehnati samarasi ekanini anglatadi.
Shuningdek, tanga dizaynida terma jamoa libosidagi naqshlardan foydalanilgan bo‘lib, ular O‘zbekistonning tarixiy obidalari bezaklaridan ilhomlangan.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, har biri 31,1 gramm og‘irlikdagi 100 dona oltin va 1000 dona kumush tanga cheklangan miqdorda ishlab chiqarilgan. Esdalik tangalari 18-iyundan boshlab respublika bo‘ylab 690 ta tijorat banki filiallarida sotuvga chiqariladi.

Tangalar narxi va ularning banklardagi mavjudligi haqidagi yangilangan ma’lumotlar Markaziy bankning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida har kuni e’lon qilib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinlarini qayerda tomosha qilish mumkinligi haqida yozgan edik.