Namanganda 36 ta uy buzilib, 6,6 ming xonadonli yangi majmualar quriladi

Namangan shahrida 2026 – 2030-yillarga mo‘ljallangan renovatsiya dasturi tasdiqlandi. Loyiha doirasida shaharning Navoiy, Ibrat va Uychi ko‘chalari hududlari tubdan yangilanib, eskirgan turarjoylar o‘rnida zamonaviy uy-joy majmualari va infratuzilma obyektlari quriladi.

Rejaga ko‘ra, renovatsiya hududida joylashgan 36 ta ko‘p qavatli uy, 143 ta yakka tartibdagi xonadon hamda 13 ta noturar bino bosqichma-bosqich buziladi. Ularning o‘rnida 6 616 ta xonadonga ega 92 ta yangi ko‘p qavatli uy barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha faqat uy-joy qurilishi bilan cheklanmaydi. Hududda 375 ta savdo va xizmat ko‘rsatish obyekti tashkil etilib, aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi. Shuningdek, transport va kommunal infratuzilmani yaxshilash ishlari ham amalga oshiriladi.
Dastur doirasida 2,3 kilometr asosiy yo‘l hamda 56 ming kvadrat metrdan ortiq ichki yo‘llar ta’mirlanadi. Bundan tashqari, qariyb 7 kilometr elektr tarmoqlari yangilanib, 45 ta transformator punkti va 2 ta yangi qozonxona o‘rnatiladi. Ichimlik suvi ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish ham rejaning muhim qismidan biri hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentning uchta tumanida renovatsiya jarayonlari start olgani haqida yozgandi.