Prezident Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya va Malayziya vakillari bilan uchrashdi

V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Shavkat Mirziyoyev Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya va Malayziya hukumat vakillari bilan uchrashib, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni jadallashtirish masalalarini muhokama qildi.

Davlat rahbari Belarus Respublikasi bosh vaziri Aleksandr Turchinni qabul qildi. Uchrashuv avvalida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va ezgu tilaklari yetkazildi. Tomonlar O‘zbekiston – Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildi. Joriy yil may oyida Toshkent viloyatida o‘tkazilgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishining samarali natijalari alohida qayd etildi.

Shuningdek, Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliyev bilan uchrashdi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning salomi va ezgu tilaklari yetkazilgan uchrashuvda savdo-iqtisodiyot, transport hamda suv-energetika sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tojikiston Respublikasi bosh vaziri Qohir Rasulzoda bilan uchrashuvda ham Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning samimiy salomi va ezgu tilaklari yetkazildi. Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘sib borayotgani, energetika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi kooperatsiya loyihalari faol bosqichda ekani qayd etildi.

Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi Mixail Mishustin bilan uchrashuvda prezident Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklari yetkazildi. Tomonlar strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdi. Joriy yil boshidan buyon O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga oshgani va iqtisodiyotning boshqa ustuvor tarmoqlarida yirik loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, dalat yetakchisi Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar iqtisodiy aloqalar ijobiy rivojlanayotganini qayd etib, yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 15 foizga oshgani, qoʻshma korxonalar soni esa 50 taga yetganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi bosh vaziri Ali Asadovni qabul qilgani haqida xabar berilgan edi.