
Audi kompaniyasi yuqori o‘tuvchanlikka ega yangi avlod Audi A6 avtomobilini taqdim etdi. Model A6 Avant bazasida ishlab chiqilgan.
U oshirilgan klirens, pnevmatik osma va quattro to‘liq yuritma tizimiga ega bo‘ldi. Eng muhim yangiliklardan biri shundaki, A6 allroad ilk bor quvvatlanadigan gibrid versiyada ham taklif etiladi.

Oddiy A6 Avant’dan farqli ravishda yangi allroad kuzov himoya elementlari, kengaytirilgan g‘ildirak arkalariga va 34 mm ga oshirilgan yo‘l tirqishiga ega. Modelning bazaviy jihozlanishiga 55 mm diapazonda sozlanadigan adaptiv pnevmatik osma hamda quattro to‘liq yuritma tizimi kiritilgan.
Savdo startida Audi A6 allroad ikki xil kuch qurilmasi bilan taklif etiladi. Ulardan birinchisi yangi quvvatlanadigan gibrid tizim bo‘lib, u 367 ot kuchi va 500 Nm aylanish momentini ishlab chiqaradi. 25,9 kVt·soat sig‘imli batareya hisobiga avtomobil WLTP sikli bo‘yicha faqat elektr quvvatida 95 kilometrgacha yo‘l bosa oladi.


Ikkinchi variant esa uch litrli dizel V6 dvigatelidir. Ushbu motor 299 ot kuchi va 580 Nm aylanish momentiga ega bo‘lib, MHEV plus yumshoq gibrid tizimi bilan to‘ldirilgan. Bu yechim yoqilg‘i sarfini kamaytirish va harakat paytida qo‘shimcha samaradorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Avvalroq «Kursiv» Audi Q7 krossoveri taqdim etilgani haqida yozgan edi.