JCh-2026: Argentina va Jazoir o‘yinida Messi tarixiy xet-trik qayd etdi

17-iyun 2026 08:00 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Reuters

Argentina terma jamoasi JCh-2026 guruh bosqichidagi ilk uchrashuvini yorqin boshladi. «J» guruhi doirasida Jazoirga qarshi bahsda Lionel Messi uchta gol urib, Jahon chempionatlaridagi ilk xet-trigini rasmiylashtirdi.

Uchrashuv AQSHning Missuri shtati Kanzas-Siti shahridagi «Errouxed» stadionida bo‘lib o‘tmoqda. Amaldagi jahon chempionlarining barcha gollariga Lionel Messi mualliflik qildi.

Messining birinchi goli / Video: Ijtimoiy tarmoq

Messi hisobni 17-daqiqada ochdi. Rodrigo De Paulning chiroyli uzatmasidan so‘ng argentinalik hujumchi to‘pni nazorat qilib, chap oyog‘i bilan darvozaga aniq zarba yo‘lladi. Jazoir darvozaboni Luka Zidan to‘pga tegishga ulgurgan bo‘lsa-da, zarbani qaytara olmadi.

Birinchi bo‘limda har ikki jamoa ham bittadan gol urishga muvaffaq bo‘ldi, biroq bu vaziyatlarda o‘yindan tashqari holat qayd etildi. Dastlab Messi darvozani ishg‘ol qilgan, keyin esa Jazoir vakili Fares Shaybi javob qaytargan, ammo har ikki holatda ham gol bekor qilindi.

Ikkinchi bo‘limda Argentina ustunlikni yanada oshirdi. 60-daqiqada Aleksis Mak Allisterning zarbasidan so‘ng Luka Zidan to‘pni qaytarishda xatoga yo‘l qo‘ydi. Vaziyatdan birinchi bo‘lib Messi foydalandi va hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.

Messining ikkinchi goli / Video: Ijtimoiy tarmoq

76-daqiqada esa Messi uchinchi bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Nikolas Gonsalesning uzatmasidan keyin u chap oyog‘i bilan aniq zarba berib, xet-trikni rasmiylashtirdi. Bu Messi uchun Jahon chempionatlaridagi ilk xet-trik bo‘ldi.

Argentinalik yulduzning Jahon chempionatlaridagi gollari soni 16 taga yetdi. Bu natija orqali u Germaniya afsonasi Miroslav Kloze bilan tenglashdi. Kloze uzoq yillar davomida mundiallar tarixidagi eng yaxshi to‘purar sifatida qayd etib kelinayotgan edi.

Messining Jazoir darvozasiga urgan uchinchi goli / Video: Ijtimoiy tarmoq

Jazoir qanday o‘ynadi

Jazoir esa o‘yinning dastlabki daqiqalarida faol harakat qildi. Hishom Budaui va Fares Shaybi orqali xavfli hujumlar tashkil etildi. Biroq Argentina bosimi kuchayganidan so‘ng Jazoir himoyada ko‘proq ishlashga majbur bo‘ldi.

Foto: Reuters

Jazoir darvozasini himoya qilayotgan Luka Zidan ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. U Fransiya futboli afsonasi Zinedin Zidanning o‘g‘li hisoblanadi. Darvozabon ayrim vaziyatlarda jamoasini qutqargan bo‘lsa-da, Messi va Argentina hujumchilarining bosimini to‘liq to‘xtata olmadi.

Argentina bosh murabbiyi Lionel Skaloni ikkinchi bo‘limda tarkibda o‘zgarishlar qildi. Lautaro Martines o‘rniga Xulian Alvares, Tyago Almada o‘rniga esa Nikolas Gonsales maydonga tushdi. Aynan Gonsales Messining uchinchi golida assist qayd etdi.

Bu o‘yin Lionel Messi uchun alohida tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Uning Jahon chempionatlaridagi ilk goli 2006-yil 16-iyun kuni Serbiyaga qarshi uchrashuvda urilgan edi. Oradan roppa-rosa 20 yil o‘tib, Messi yana mundialda gol urib, faoliyatidagi eng noyob ko‘rsatkichlardan birini qayd etdi.

Avvalroq «Kursiv» Xoland dubl qayd etgan o‘yinda Norvegiya Iroqni yirik hisobida yenggani haqida yozgan edi.

Shuningdek