Leapmotor C10, C11 va C16 modellari yangilandi

17-iyun 2026 11:24 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Leapmotor C10, C11 va C16 modellari yangilandi
Foto: Sohu

Xitoyning Leapmotor kompaniyasi C seriyasidagi yangilangan Leapmotor C10, C11 va C16 modellarini rasman taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Yangilangan Leapmotor C10 narxi Xitoy bozorida 125,8 ming yuandan 142,8 ming yuangacha belgilandi. Bu taxminan $18,5–21 ming degani. Leapmotor C11 esa 143,8 ming yuandan 159,8 ming yuangacha, ya’ni $21,1–23,5 mingga baholandi. Kattaroq C16 modelining narxi 145,8 ming yuandan 169,8 ming yuangacha bo‘lib, bu taxminan $21,4–24,9 mingga to‘g‘ri keladi.

Yangilangan Leapmotor C10 tashqi ko‘rinishida «Sky Light» deb nomlangan ajratilgan fara dizayni va faol radiator panjarasi bilan ajralib turadi. Salon Sandstone Brown rang sxemasi, yashirin havo deflektorlari va Qualcomm 8295P chipi asosidagi multimedia tizimi bilan jihozlangan. Avtomobilda 60 dyuymli AR-HUD proyeksion displey, 8,8 dyuymli raqamli asboblar paneli va 17,3 dyuymli markaziy ekran mavjud.

Foto: Sohu

C10 modeli LMC integratsiyalashgan harakatni boshqarish tizimi bilan jihozlangan. Yuqori komplektatsiyalarda esa LiDAR tizimi va Qualcomm 8650 chipi asosidagi ilg‘or haydovchiga yordam funksiyalari taklif etiladi. Bu tizim turli yo‘l sharoitlarida navigatsion yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan.

Texnik imkoniyatlar

Leapmotor C10’ning uzaytirilgan yurish zaxirasiga ega versiyasi 200 kVt, ya’ni 268 ot kuchiga teng elektromotor bilan harakatlanadi. Ushbu talqin faqat elektr quvvatida CLTC sikli bo‘yicha 290 kilometrgacha, umumiy hisobda esa 1300 kilometrgacha yo‘l bosishi mumkin. To‘liq elektr versiya 230 kVt, ya’ni 308 ot kuchiga ega bo‘lib, 660 kilometrgacha yurish zaxirasini taklif qiladi. Ushbu model 800 voltli arxitekturani ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Sohu

Leapmotor C11 modeli ham sezilarli darajada yangilangan. Uning uzunligi 4780 mm, eni 1905 mm, balandligi 1658 mm, g‘ildirak bazasi esa 2930 mmni tashkil etadi. Salonda 10,25 dyuymli asboblar displeyi, 17,3 dyuymli 3K markaziy ekran va 60 dyuymli AR-HUD mavjud. Ushbu tizimlar ham Qualcomm 8295P chipi asosida ishlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Leapmotor B05 elektromobili Ispaniyada ishlab chiqarilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek