Markaziy bank asosiy stavkani yana 14 foiz darajasida qoldirdi

Markaziy bank boshqaruvi 2026-yil 17-iyundagi yig‘ilishida asosiy stavkani o‘zgarishsiz yana 14 foiz darajasida qoldirdi.
Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil may oyida umumiy inflyatsiya yillik 5,5 foizgacha pasaydi. Bazaviy inflyatsiya esa 5,7 foizni tashkil etdi.
Markaziy bank 2026-yil yakunida umumiy inflyatsiya 6,5 foiz atrofida bo‘lishini prognoz qilmoqda. Iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognoz esa 7 – 7,5 foiz darajasida saqlab qolindi.
Iyun oyidan energiya resurslari tariflari oshirilgani inflyatsiyaga qisqa muddatli ta’sir qilishi kutilmoqda.
Markaziy bank pul-kredit siyosati inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli darajaga tushirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan bo‘lib qolishini bildirdi.
Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish 2026-yil 29-iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq MB islom moliyasi bo‘yicha 7 ta standart joriy etishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi.