O‘zbekiston uchun yagona Arbitraj kodeksi ishlab chiqilishi mumkin

eʼlon qilindi
Bu V Toshkent xalqaro investitsiya forumida taklif qilindi
O‘zbekiston uchun yagona Arbitraj kodeksi ishlab chiqilishi mumkin
Foto: O‘zR Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

O‘zbekiston uchun UNCITRAL namunaviy qonuniga to‘liq mos keladigan yagona Arbitraj kodeksi ishlab chiqilishi mumkin. Bu V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bo‘lgan «O‘zbekistonda nizolarni jahon darajada hal etuvchi tizimini yaratish» mavzusidagi panel sessiyada taklif qilindi.

Tadbirda xalqaro huquqshunoslar Toshkent xalqaro arbitraj markazi faoliyati, uning mintaqadagi o‘rni va investorlar uchun ahamiyatini muhokama qildi.

Shuningdek, nizolarning oldini olish protokoli, ingliz huquqi tamoyillari va xalqaro arbitraj mexanizmlarini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Mutaxassislarning fikricha, investorlar uchun faqat imtiyozlar yoki iqtisodiy imkoniyatlar yetarli emas. Ular nizo yuzaga kelgan taqdirda, o‘z huquqlarini ishonchli va xolis tizim orqali himoya qila olishiga ham ishonishi kerak.

Toshkent xalqaro tijorat sudi loyihasi yakuniy bosqichda

Xalqaro huquqshunos Marie Anne Birken Toshkent xalqaro tijorat sudi loyihasi yakuniy bosqichga kelganini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, ushbu tashabbus avval II Toshkent xalqaro investitsiya forumida ilgari surilgan. Hozir esa Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish bo‘yicha konstitutsiyaviy qonun loyihasi Senatga kiritilish arafasida turibdi.

Yangi sud aynan ushbu moliya markazi negizida faoliyat boshlashi kutilmoqda.

Huquqshunosning ta’kidlashicha, yangi sud xalqaro investorlar yaxshi biladigan umumiy huquq, ya’ni Common Law tamoyillariga tayanadi. Sud jarayonlari ingliz tilida olib boriladi. Unda katta tajribaga ega xalqaro sudyalar ishlashi rejalashtirilgan.

Muhim jihati shundaki, bu sud faqat moliya markazi bilan bog‘liq nizolarni emas, balki tomonlar kelishgan taqdirda O‘zbekistondagi yirik investitsiyaviy va transchegaraviy tijorat nizolarini ham ko‘rib chiqishi mumkin.

Bu tizim Toshkent xalqaro arbitraj markazi faoliyatini to‘ldiradi. Natijada investorlar nizo kelib chiqqanda arbitraj, sud yoki mediatsiya kabi bir nechta yo‘lni tanlash imkoniga ega bo‘ladi.

«Qonunlarning ijrosiga ishonch ham muhim»

Marie Anne Birkenning fikricha, xorijiy investorlar uchun foydani erkin olib chiqish imkoniyati qanchalik muhim bo‘lsa, nizo chiqqanda murojaat qiladigan ishonchli tizim mavjudligi ham shunchalik ahamiyatli.

«Qog‘ozdagi qonunlar qanchalik muhim bo‘lsa, ularning hayotda qanday ijro etilishiga bo‘lgan ishonch ham shunchalik hal qiluvchi ahamiyatga ega», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, yangi sud xalqaro huquqshunoslarga o‘z mijozlariga O‘zbekistonga investitsiya kiritishni xotirjam tavsiya qilish imkonini beradi.

Arbitraj tizimini yagona qilish taklif qilindi

Squire Patton Boggs xalqaro yuridik kompaniyasi hamkori Naomi Briercliffe O‘zbekistonda arbitraj tizimini takomillashtirish bo‘yicha taklif bildirdi. Uning aytishicha, hozirgi ikki tomonlama arbitraj tizimidan voz kechib, yagona arbitraj tizimiga o‘tish maqsadga muvofiq.

Mutaxassis O‘zbekiston uchun UNCITRAL namunaviy qonuniga mos yagona Arbitraj kodeksini ishlab chiqishni taklif qildi.

Bunday tizim joriy etilsa, arbitraj ishlari tomonlar yoki ish turiga qarab ajratilmaydi. Barcha nizolar yagona va yuqori standart asosida ko‘rib chiqiladi.

Naomi Briercliffega ko‘ra, bu qadam O‘zbekistonni xorijiy investorlar uchun yanada ishonchli va qulay mamlakat sifatida namoyon etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent arbitraji xalqaro biznes uchun $2 mlrdlik ishonch maydoniga aylangani xabar qilingandi. Mazkur ma’lumotlar forum doirasida 16-iyun kuni bo‘lib o‘tgan «O‘zbekistonda jahon darajasidagi nizolarni hal etish tizimini yaratish» mavzusidagi maxsus panel sessiyasida ochiqlandi.

Shuningdek