O‘zbekiston va Germaniya rahbarlari qanday masalalarni muhokama qildi

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Germaniya Federativ Respublikasi prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Ko‘ksaroy qarorgohida tantanali kutib olindi. Qarorgoh oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi.
Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif etdi. O‘zbekiston va Germaniya davlat madhiyalari yangradi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-biriga tanishtirdi.



Savdo va investitsiyaviy hamkorlik
Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Frank-Valter Shtaynmayerning tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston–Germaniya hamkorligini yanada rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shavkat Mirziyoyev Germaniya prezidentining O‘zbekiston, Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shayotgan shaxsiy hissasini alohida e’tirof etdi.
Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanayotgani qayd etildi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi $1,4 mlrddan oshdi. Joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich yana 5 foizga ko‘paydi. Germaniyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi 2025-yilda $2 mlrdga yetdi.
May oyida Toshkentda o‘tkazilgan Germaniya iqtisodiyoti kunlari hamda Germaniya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining 10-yig‘ilishi yakunida $1 mlrdlik yangi investitsiya va savdo bitimlari imzolandi.

Ta’lim va madaniy aloqalar
Bugungi kunda O‘zbekistonda 400 mingdan ortiq yosh nemis tilini o‘rganmoqda, 2 mingdan ziyod talaba Germaniyaning yetakchi universitetlarida tahsil olmoqda.
O‘tgan yili ilk bor ikki mamlakat universitetlari forumi tashkil etildi. O‘tgan hafta esa Samarqandda nemis universitetlari konsorsiumi bilan O‘zbekiston–Germaniya amaliy fanlar universitetini tashkil etish bo‘yicha bitim imzolandi.
Toshkentda ikkinchi Universitetlar forumi hamda uchinchi O‘zbekiston–Germaniya tibbiyot forumini o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Yangi qo‘shma loyihalar
Davlat yetakchilari sanoat, energetika va yashil iqtisodiyot, transport va logistika, tog‘-kon sanoati, to‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, avtomobilsozlik, maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, logistika va malakali kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida yangi qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashib, «Markaziy Osiyo – Germaniya» formati doirasidagi hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya prezidenti O‘zbekistonda qanday kutib olingani haqida yozgan edik.