O‘zbekiston va Xitoy «yashil» energetika loyihalarini tezlashtirishga kelishdi

O‘zbekiston va Xitoy «yashil» energetika loyihalarini tezlashtirishga kelishdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Milliy energetika boshqarmasi rahbari Van Xunchji boshchiligidagi delegatsiya uchrashuvida qayd etildi.
Muloqotda energetika va geologiya sohalarida o‘zaro manfaatli yuqori texnologik loyihalarni ilgari surish, shuningdek, bank-moliya yo‘nalishida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda «China Energy Engineering Corporation», «China Datang», «Sinoma Energy Conservation», «China Southern Power Grid», «CAMCE», «CNNC», «State Nuclear Uranium Resource Development» kompaniyalari rahbarlari, shuningdek, «The Export-Import Bank of China» va «Bank of China» vakillari qatnashdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy yo‘nalishlarda jadal rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Yilning o‘tgan davrida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard dollardan oshgan. Xitoydan 8 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda qariyb 6 mingta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Muzokaralarda «yashil» energetika sohasidagi loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda energiyani saqlash tizimlari qurilmoqda.
Tomonlar ushbu loyihalarni tezlashtirish, fotoelektr stansiyalar quvvatini kengaytirish, agrovoltaikani joriy etish va elektr uzatish liniyalarini qurish bo‘yicha yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi.
Shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash orqali energiya ishlab chiqarish, data-markazlar hamda boshqa zamonaviy texnologik yechimlarni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda tog‘-kon va geologiya sohalaridagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan ham fikr almashildi. Bu borada konlarda birgalikda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, ularni o‘zlashtirish va muhim xomashyo yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli sheriklikni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.
Muzokaralarda Xitoyning yirik banklari bilan moliyaviy hamkorlikni kengaytirish masalasiga ham ustuvor ahamiyat qaratildi. Infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil yo‘llari va gidroelektr stansiyalarini barpo etish, qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish hamda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri investorlar uchun ochiq raqamli geologiya bazasi yaratilishi haqida yozgan edi.