O‘zbekistonlik mutaxassislarni Turkiyada ishga joylash mexanizmi ishlab chiqilmoqda

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ehtiyoj yuqori tarmoqlarga o‘zbekistonlik mutaxassislarni ishga joylash bo‘yicha amaliy mexanizmlar ishlab chiqilmoqda. Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi muvofiqlashtirayotgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Turkiya–O‘zbekiston biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov so‘zga chiqib, ijtimoiy sohadagi hamkorlikni yanada tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida Turkiya iqtisodiyotida ehtiyoj yuqori bo‘lgan tarmoqlardagi bo‘sh ish o‘rinlariga o‘zbekistonlik mutaxassislarni uyushgan tartibda ishga joylashtirish bo‘yicha amaliy mexanizmlar ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, vazir Turkiya tomoni Samarqand shahri yaqinida joylashgan Imom Buxoriy ziyorat majmuasini rivojlantirish va boshqarish jarayonlarida ishtirok etishga katta qiziqish bildirayotganini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda Turkiya kapitali ishtirokidagi 2 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Shu jihatdan Turkiya mamlakatning muhim iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Forumda Turkiyaning qishloq xo‘jaligi sohasidagi tajribasi alohida qayd etilib, turk kompaniyalari O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga chaqirildi.

Tadbirda Turkiya savdo vaziri O‘mer Bolat, «Çalık Enerji» kompaniyasi bosh direktori Tarmel Kotil, «Anadolu Group»ning O‘zbekiston bo‘yicha maslahatchisi Ezel Ağaoğlu, «Ermak» kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Valijon Salihov hamda Ziraat Bank Uzbekistan boshqaruvi raisi Volkan Güldürmez ishtirok etdi.
Forum yakunlari bo‘yicha sanoat, tashqi savdo va ishlab chiqarish kabi iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishildi hamda tegishli hujjatlar imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq forum doirasida O‘zbekiston va Xitoy «yashil» energetika loyihalarini tezlashtirishga kelishib olgan edi.