
Tom Holland kelajakda O‘rgimchak odam rolini boshqa aktyorga topshirishga tayyor ekanini yana bir bor ta’kidladi. Bu haqda Lifehaker nashri xabar berdi.
Uning fikricha, bu obraz uchun eng munosib nomzodlardan biri yosh britaniyalik aktyor Owen Cooper bo‘lishi mumkin.

Hollandning aytishicha, Cooper juda iste’dodli aktyor bo‘lib, hozirda kino va serial muxlislari orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Yosh aktyor keng ommaga Adolescence serialidagi roli orqali tanilgan.
Agar bu g‘oya amalga oshsa, Owen Cooper O‘rgimchak odam obrazini gavdalantirgan uchinchi britaniyalik aktyorga aylanishi mumkin. Undan avval bu rolni Tom Holland va Andrew Garfield ijro etgan.
Shuningdek, Holland yangi O‘rgimchak odam aktyoriga ustozlik qilish istagini ham bildirib, Marvel koinotida buni multikoinot syujeti orqali tushuntirish mumkinligini qayd etdi.
Ayni paytda aktyor O‘rgimchak odam rolini davom ettirmoqda. Uning ishtirokidagi navbatdagi film – Spider-Man: Brand New Day 30-iyul kuni ekranlarga chiqadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Shrek 5» qachon chiqishi haqida yozgandi.