Toshkent arbitraji xalqaro biznes uchun $2 mlrdlik ishonch maydoniga aylandi

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
V Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) doirasida Toshkent xalqaro arbitraj markazining yangi statistikasi taqdim etildi
Mari Ann Birken, xalqaro huquq bo‘yicha yurist / Foto: ISSV

2025-yilda xorijiy investorlar va xalqaro kompaniyalar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tijoriy kelishmovchiliklarni hal etish maydonchasi sifatida Toshkent xalqaro arbitraj markazi (TIAC) yoki TIAC-HKIAC (Gongkong) qo‘shma shartlarini tanlab, umumiy qiymati 2 milliard dollardan ortiq bo‘lgan shartnomalar tuzdilar. Bu haqda V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.

Mazkur ma’lumotlar forum doirasida 16-iyun kuni bo‘lib o‘tgan «O‘zbekistonda jahon darajasidagi nizolarni hal etish tizimini yaratish» mavzusidagi maxsus panel sessiyasida ochiqlandi. Muhokama to‘liq xorijiy investorlar huquqlarini himoya qilishning asosiy institutsional kafolatlariga bag‘ishlandi.

Xalqaro e’tirof va transchegaraviy nizolar

TIAC ko‘rsatkichlariga ko‘ra, 2024–2025-yillar davomida ko‘rib chiqilgan barcha keyslarning chorak qismida (25%) ham da’vogar, ham javobgar sifatida faqatgina O‘zbekiston rezidenti bo‘lmagan xorijiy kompaniyalar ishtirok etgan.

Toshkentdagi institutsional arbitraj kuchli kadrlar salohiyatiga tayanadi: ishlarni ko‘rib chiqishga 85% holatlarda chet ellik arbitrlar jalb qilinadi. Markaz paneli qat’iy diversifikatsiyalangan bo‘lib, uning tarkibiga ICSID (Invesitsiyaviy nizolarni hal qilish bo‘yicha xalqaro markaz), PCA (Gaagadagi Doimiy hakamlik sudi palatasi), ICC, LCIA, SIAC va HKIAC kabi tan olingan global institutlar bilan hamkorlik qiluvchi xalqaro ekspertlar kiradi.

TIAC tashkil etilganidan buyon (markaz 2018-yil noyabr oyidagi prezident qarori asosida ta’sis etilgan) qabul qilingan arbitraj qarorlarining 100%i ham O‘zbekistonda, ham boshqa mamlakatlarda tan olingan va ijro etilgan.

Nizolar tuzilishi

Statistika markazning xalqaro faolligi eng yuqori cho‘qqisiga 2024-yilda chiqqanini qayd etdi — o‘shanda ko‘rib chiqish uchun 43 ta ish kelib tushgan (bu ko‘rsatkich 2023-yilda 32 tani, 2025-yilda esa 25 tani tashkil etgan edi).

Joriy yilning dastlabki besh oyi (2026-yil yanvar–may) davomida TIAC nizolarining umumiy summasi 75,29 million dollarga yetdi. Bunda da’voning o‘rtacha qiymati 8,36 million dollarni, median qiymat esa 1,10 million dollarni tashkil etdi, bu esa yirik va o‘rta miqyosdagi tijoriy nizolar ustunlik qilayotganidan dalolat beradi.

Yo‘nalishlar kesimida an’anaviy savdo kelishmovchiliklari yetakchilik qilmoqda:

  • Oldi-sotdi — barcha nizolarning 50%i;
  • Transport ekspeditsiyasi va logistika — 18%i;
  • Qurilish — 14%i;
  • Qarz majburiyatlari — 10%i;
  • Ijaraga berish va litsenziya ostidagi (sublitsenzion) kelishuvlar — 4%dan.

Xalqaro tijorat sudi

Panel sessiyasida ma’ruzasi bilan ishtirok etgan xalqaro yurist Mari Ann Birken poytaxtda tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro tijorat sudi (TICC) loyihasi yakuniy bosqichga kelganini to‘xtalib o‘tdi hamda ushbu loyihaning mamlakat iqtisodiy rivojlanishi va investitsiya muhiti uchun muhimligini ta’kidladi.

Spikerning qayd etishicha, O‘zbekiston qisqa muddat ichida investorlar ishonchini qozonish borasida salmoqli natijalarga erishdi. Biroq bu yo‘nalishda hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bor va ushbu sud xalqaro yuristlarga o‘z mijozlariga O‘zbekistonga sarmoya kiritishni ishonch bilan tavsiya etish imkonini beradi.

«Investorlar intilishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun nafaqat ularga topgan foydasini mamlakatdan erkin olib chiqib ketish imkoniyatini ta’minlash, balki nizo kelib chiqqan taqdirda murojaat qilishi mumkin bo‘lgan ishonchli maskan yaratish ham muhimdir. Zero, qonunlarning qog‘ozda qanchalik mukammal ekani qanchalik muhim bo‘lsa, ularning amaliyotda qanday ijro etilishiga bo‘lgan ishonch ham shunchalik hal qiluvchi ahamiyatga ega», — deya ta’kidladi yurist.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Rothschild & Co vakili Ariel Malar de Rotshild Toshkent investitsiya forumi davomida O‘zbekistondagi islohotlar va siyosiy barqarorlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini ta’minlayotganini yuqori baholagani haqida yozgan edi.

Shuningdek