Yandex Uzbekistan Toshkentda mintaqaning yangi bozorlari uchun raqamli xab yaratishni taklif qildi

Yandex Uzbekistan’ning GR loyihalari rahbari Rahimaxon Nugmanova Markaziy Osiyo va Kavkaz Mintaqaviy Investitsiya Kengashlari Alyansi (RAIC-CAC) ta’sis sessiyasida Toshkentda mintaqaviy raqamli xab tashkil etish konsepsiyasini taqdim etdi. Ushbu tashabbus V Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2026) doirasida ilgari surildi.
Kompaniya taklifiga ko‘ra, Toshkent raqamli yechimlarni ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va keng miqyosda joriy etish maydoniga aylanishi mumkin. Keyinchalik bu yechimlar kompaniya xizmatlari hali mavjud bo‘lmagan mintaqaning yangi bozorlarida qo‘llanilishi rejalashtirilgan. Gap sun’iy intellekt va tabiiy tilni qayta ishlash, shahar mobil xizmatlari uchun raqamli servislar, kichik va o‘rta biznes uchun vositalar hamda ta’lim texnologiyalari sohasidagi loyihalar haqida bormoqda.
Rahimaxon Nugmanovaning ta’kidlashicha, mintaqaning ayrim mamlakatlari davlat va tijorat xizmatlarini raqamlashtirish, shahar infratuzilmasini rivojlantirish hamda mutaxassislar tayyorlash sohalarida o‘xshash vazifalarga duch kelmoqda. Bu esa texnologik yechimlarni birgalikda ishlab chiqish va moslashtirish uchun zamin yaratadi.




Kompaniya Toshkentni mintaqaning yangi bozorlaridagi raqamli loyihalarni muvofiqlashtirish markazi sifatida ko‘rib chiqishni taklif etmoqda. Yandex Uzbekistan baholashicha, bunday model O‘zbekistonda yuqori malakali ish o‘rinlari yaratilishiga va texnologik yechimlar eksportining qo‘shni bozorlarga kengayishiga xizmat qilishi mumkin.
Yandex Uzbekistan mamlakatda 2018-yildan buyon faoliyat yuritib, ekotizimning 20 dan ortiq yo‘nalishini rivojlantirmoqda — mobil xizmatlar va yetkazib berishdan tortib sun’iy intellekt hamda ta’lim servislarigacha. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, uning mahsulotlaridan har oy 7 milliondan ortiq kishi foydalanadi. Yandex Uzbekistan’ning O‘zbekiston iqtisodiyotiga qo‘shgan jami hissasi $300 millionga yetgan.
Markaziy Osiyo va Kavkaz Mintaqaviy Investitsiya Kengashlari Alyansi (RAIC-CAC) mintaqada investitsiya siyosatini muvofiqlashtirish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish va transchegaraviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.