
Jahon chempionati guruh bosqichining 1-turida Angliya hamda Xorvatiya terma jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Gollar shousiga aylangan uchrashuvda inglizlar 4:2 hisobidagi muhim g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
O‘yin ilk daqiqalardanoq keskin burilishlarga boy bo‘ldi. Uchrashuvning 12-daqiqasida Harri Keyn penaltini aniq amalga oshirib, hisobni ochdi. Bunga javoban xorvatiyaliklar tezda o‘ziga kelishdi va hujumkorlikni oshirib, 36-daqiqada Martin Baturina muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘di.
Birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida, aniqrog‘i 42-daqiqada Harri Keyn uchrashuvdagi ikkinchi golini urib, jamoasini yana hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda Petar Musa hisobni qayta tenglashtirdi — 2:2.
Ikkinchi taym inglizlarning tezkor goli bilan boshlandi. 47-daqiqada Jud Bellingem Elliot Andersonning uzatmasini golga aylantirgan bo‘lsa, 85-daqiqada Markus Reshford uchrashuvdagi yakuniy nuqtani qo‘ydi. Qolgan vaqtda Xorvatiya qanchalik harakat qilmasin, Angliya himoyasi ularga boshqa imkoniyat qoldirmadi.
Ma’lumot uchun, turnirning «L» guruhi ikkinchi turida Angliya Gana bilan, Xorvatiya esa Panama bilan bahs olib boradi.
Avvalroq Kursiv nashri Portugaliya Kongo bilan durang natija qayd etgani haqida xabar bergan edi.