
Audi kompaniyasi tomonidan yangi avlod Audi A6 Allroad Quattro avtomobili taqdim etildi. Bu haqda Carcoops nashri xabar bermoqda.
A6 universalining yo‘ltanlamas talqinidagi ushbu avtomobil ilk bor plug-in gibrid kuch qurilmasiga ega bo‘ldi. Yangi model kengaytirilgan g‘ildirak arkalari, asalari uyasini eslatuvchi radiator panjarasi, kuzov bo‘ylab himoya plastik qoplamalari, tom reylinglari va to‘liq LED optikasi bilan ajralib turadi. Qo‘shimcha haq evaziga matritsali faralar hamda boshqa haydovchilarga ogohlantirish signallarini ko‘rsata oladigan raqamli OLED chiroqlar taklif etiladi.

Audi A6 Allroad Quattro adaptiv pnevmatik osma bilan jihozlangan. Standart rejimda uning klirensi oddiy A6 Avant’nikidan 34 mm balandroq. Yo‘lsiz hududlarda harakatlanish uchun maxsus rejimlar va kuzovni qo‘shimcha ko‘tarish funksiyasi mavjud. Shuningdek, avtomobil to‘liq boshqariladigan shassiga ega bo‘lib, past tezlikda manevr qilishni, yuqori tezlikda esa barqarorlikni yaxshilaydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlar
Model ikki xil kuch qurilmasi bilan taklif etiladi. Birinchi variant 2,0 litrli turbomotor va elektromotorga asoslangan plug-in gibrid bo‘lib, umumiy quvvati 362 ot kuchini tashkil qiladi. Elektr quvvatida yurish zaxirasi WLTP sikli bo‘yicha 95 km gacha yetadi. Ikkinchi variant 295 ot kuchiga ega 3,0 litrli dizel V6 dvigatel va 48 voltli mild-hybrid tizimi bilan jihozlangan.

Har ikki versiyada maksimal tezlik 250 km/soat bilan cheklangan. Avtomobil 100 km/soat tezlikka 5,4 soniyada chiqadi. Salonida 11,9 dyuymli raqamli asboblar paneli va 14,5 dyuymli multimedia ekrani mavjud. Qo‘shimcha opsiyalar qatoridan yo‘lovchi uchun alohida displey, to‘rt zonali iqlim nazorati, panoramali tom, akustik oynalar, isitish, shamollatish va massaj funksiyasiga ega o‘rindiqlar joy olgan.
Yangi Audi A6 Allroad Quattro savdosi Yevropada kuzda boshlanadi. Germaniyada dizel versiyasi narxi 77 250 yevrodan, gibrid varianti esa 80 250 yevrodan boshlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Audi A6 gibrid avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.