BAA ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun 15 yosh chegarasini joriy etadi

Birlashgan Arab Amirliklari bolalarning internetdagi xavfsizligini kuchaytirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun minimal yosh chegarasini belgilagan ilk arab davlatiga aylandi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Yangi qarorga ko‘ra, 15 yoshga to‘lmagan bolalarga shaxsiy ijtimoiy tarmoq akkauntlarini yaratish, yuritish va ulardan foydalanish taqiqlanadi. Bu cheklov ular uchun kontent joylashtirish, izoh qoldirish, ma’lumot ulashish va ochiq guruhlarga qo‘shilish imkoniyatlarini ham qamrab oladi.
15 va 16 yoshdagi foydalanuvchilar uchun esa yoshga mos kontent filtrlari, notanish foydalanuvchilar bilan muloqotni cheklash, ekran qarshisida o‘tkaziladigan vaqtni boshqarish vositalari va ota-onalar nazorati kabi qo‘shimcha himoya mexanizmlari joriy etiladi.
Qoidalar BAA hududida faoliyat yurituvchi barcha ijtimoiy tarmoqlarga tatbiq etiladi. Platformalar foydalanuvchilarning yoshini tekshirish uchun raqamli identifikatsiya vositalari va SI texnologiyalaridan foydalanishi shart. Faqat foydalanuvchining o‘zi ko‘rsatgan yosh ma’lumotlari tasdiqlash usuli sifatida qabul qilinmaydi.
Ijtimoiy tarmoq kompaniyalariga yangi qoidalarga moslashish uchun 12 oy muddat beriladi. BAA hukumati ta’kidlashicha, yangi tizim bolalarning onlayn xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan xalqaro tashabbuslarga mos keladi.
Eslatib o‘tamiz, sal avvalroq Buyuk Britaniya 16 yoshgacha bo‘lganlarga ijtimoiy tarmoqni cheklashi haqida yozgan edik.