Elektr tarmoqlariga ulab berishni va’da qilgan xodimlar ushlandi

eʼlon qilindi
Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan
Elektr tarmoqlariga ulab berishni va’da qilgan xodimlar ushlandi
Foto: Departament

Toshkent shahri va Xorazm viloyatida elektr tarmoqlariga ulab berish hamda transformator o‘rnatib berish evaziga pul olgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.

Departamentning Chilonzor tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda Olmazor tuman elektr ta’minoti korxonasi elektromontyori fuqaroning xonadonidagi novvoyxonani elektr tarmoqlariga ulab berish va hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga $5,3 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, Departamentning Hazorasp tumani bo‘limi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman elektr ta’minoti korxonasi bosh muhandisi ham qo‘lga olindi. U fermer xo‘jaligi rahbariga tegishli yer maydonida past kuchlanishli transformatorni yuqori kuchlanishli transformatorga almashtirib berish evaziga 7 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Namanganda qariyb 4 kg gashish moddasi musodara qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek