iPhone 18 Pro narxi 1400 dollargacha bo‘lishi mumkin — manba

iPhone 18 Pro modelining narxi $1,4 minggacha yoki undan ham qimmat bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda 9to5mac WSJ nashriga tayanib ma’lum qildi.
WSJ va TechInsights’ga ko‘ra, Apple xotira modullari, kamera tizimlari va boshqa muhim komponentlar narxining oshishi fonida yangi flagman smartfonlar narxini qayta ko‘rib chiqmoqda. Kompaniya rahbari Tim Kuk ham Apple butlovchi qismlar, ayniqsa xotira komponentlari bo‘yicha xarajatlarning ortib borayotganini tasdiqladi.
Tahlilchilarning baholashicha, iPhone 18 Pro’ning boshlang‘ich narxi hozirgi iPhone 17 Pro modelidagi $1,1 ming o‘rniga $1,3 ming–$1,4 mingni tashkil etishi mumkin. WSJ nashri 1,4 minglik narx ehtimoli yuqoriroq ekanini ta’kidlamoqda. Bu esa qurilma konfiguratsiyasiga qarab narx $200–300 ga oshishini anglatadi.

Mutaxassislar narx o‘sishining asosiy omillari sifatida xotira modullarining qimmatlashuvi va yangi kamera tizimini ko‘rsatmoqda. Taniqli tahlilchi Min-Chi Kuo ham iPhone 18 Pro’dagi kameralar avvalgi avlodga nisbatan qariyb 50 foizga qimmatroq bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.
Agar prognozlar tasdiqlansa, iPhone 18 Pro Max modelining boshlang‘ich narxi $1,5 mingdan boshlanishi mumkin. Shu fonida narxi $2 ming atrofida bo‘lishi kutilayotgan iPhone Ultra haqidagi mish-mishlar ham avvalgidek fantastik ko‘rinmayapti.
Apple hozircha iPhone 18 Pro seriyasi narxlari bo‘yicha rasmiy ma’lumot bergani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple kamerali AirPods ustida ishlayotgani, Siri endi atrofni «ko‘ra» olishi haqida yozgan edik.