Namanganda qariyb 4 kg gashish moddasi musodara qilindi

eʼlon qilindi
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda
Namanganda qariyb 4 kg gashish moddasi musodara qilindi
Foto: DXX

Namangan viloyatida qo‘shni davlatdan noqonuniy yo‘llar orqali olib kelingan qariyb 4 kg giyohvandlik moddasi musodara qilindi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.

DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida «Toshkent — Namangan» yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt rusumli avtomobil Pop tumanidagi «Namangan» YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Foto: DXX

Tekshiruv vaqtida avtomobilda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Namangan shahrida yashovchi 1989-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxsga tegishli sumkadan 3 kg 956 gramm gashish moddasi topildi. Giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu shaxs mazkur narkotik moddani o‘zining 1989-yilda tug‘ilgan, avval sudlangan hamshahari bilan til biriktirgan holda qo‘shni davlatdan aylanma yo‘llar orqali olib kelgani aniqlangan. Ikkinchi gumonlanuvchi ham protsessual tartibda ushlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkent va Samarqand viloyatlarida narkotik moddalar musodara qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek