Surxondaryo va Buxoroda ishga joylashni va’da qilgan shaxslar ushlandi

Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida fuqarolarni ishga joylashni va’da qilib, katta miqdorda pul olgan shaxslar bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Departamentning Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tez tibbiy yordam stansiyasining sobiq xodimi to‘rt nafar fuqaroni haydovchi lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, u fuqarolardan jami 3,4 mingni firibgarlik yo‘li bilan olgan. Tekshiruv davomida ushbu mablag‘ning 600 qaytarilgani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro ikki nafar shaxsni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali viloyat Perinatal markazi hamda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filialiga hamshira lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgani aniqlangan.
Ushbu va’da evaziga u fuqarolardan $3,3 ming va 9,7 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatida fuqaroni OTMga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan hokim yordamchisi qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.