
Tesla kompaniyasiga tegishli Cybercab elektromobilining asosiy texnik xususiyatlari oshkor qilindi. Bu haqda Arena EV nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tesla Cybercab 163 kVt (219 ot kuchi) quvvatga ega old elektr dvigateli bilan jihozlangan. Avtomobilga 326 voltli va 47,6 kVt/soat sig‘imdagi akkumulyator o‘rnatilgan. Modelning og‘irligi 1412 kilogrammni tashkil etadi.

Sinov natijalariga ko‘ra, Cybercab’ning tuzatilmagan umumiy yurish zaxirasi 673 kilometr etib baholangan. Biroq AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (EPA) odatda haqiqiy foydalanish sharoitlarini hisobga olgan holda ushbu ko‘rsatkichga taxminan 0,7 koeffitsiyentini qo‘llaydi. Shu sababli elektromobilning yakuniy rasmiy yurish zaxirasi qariyb 470 kilometrni tashkil etishi kutilmoqda.
Faqat avtomagistrallarda o‘tkazilgan sinovlarda Cybercab 604,1 kilometrlik tuzatilmagan natijani qayd etgan. Mazkur ko‘rsatkich asosida modelning avtomagistral sharoitidagi real yurish zaxirasi taxminan 422 kilometr bo‘lishi mumkin.

EPA hujjatlarida Cybercab 29-may holatiga ko‘ra «bozorga chiqarilgan» mahsulot sifatida qayd etilgan. Shunga qaramay, Tesla hali ham haydovchisiz avtonom boshqaruv tizimini nazoratsiz rejimda ishlatish uchun zarur bo‘lgan tartibga soluvchi organlar ruxsatini olmagan.
Shu bois, kompaniya tegishli ruxsatnomalarni qo‘lga kiritmaguniga qadar Cybercab avtomobillari avtonom taksi xizmati sifatida yo‘lovchilarni tashishni boshlay olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi Tesla Roadster avtomobili qayerda ishlab chiqarilishi haqida yozgan edik.