Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish bo‘yicha bitim imzolandi

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida poytaxtning yangi xalqaro aeroportini qurish va undan foydalanish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolandi.
Hujjat «Uzbekistan Airports» AJ hamda Vision Invest boshchiligidagi xalqaro konsorsium o‘rtasida imzolandi. Konsorsium tarkibiga Yaponiyaning Sojitz Corporation va Koreya Respublikasining «Incheon International Airport Corporation» kompaniyalari kiradi.
Loyihani amalga oshirishga tayyorgarlik doirasida xalqaro moliya institutlari talablariga muvofiq ekologik va ijtimoiy baholashlar o‘tkazilgan, davlat-xususiy sheriklik bitimi ishlab chiqilgan, muhandislik kommunikatsiyalarini ko‘chirish bo‘yicha loyiha hujjatlari tayyorlangan hamda aeroport hududini hozirlash ishlari boshlangan.
Yangi aeroport Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va QuyiChirchiq tumanlari hududida, 1310 gektar maydonda quriladi. Loyihaning birinchi bosqichida har birining uzunligi 4 km bo‘lgan ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi, 208 ming kvadrat metr maydonli yo‘lovchi terminali, havo kemalari uchun 98 ta to‘xtash joyi, yoqilg‘i quyish majmuasi hamda zamonaviy havo harakatini boshqarish minorasi barpo etiladi.
Aeroportni 2030-yil oxirida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. U yiliga 20 mln yo‘lovchi va 300 ming tonnagacha yuklarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bitimga ko‘ra, xususiy sheriklar konsorsiumi yo‘lovchi terminali va vokzal atrofi hududini qurish hamda keyinchalik ekspluatatsiya qilishni o‘z zimmasiga oladi. Davlat sherigi esa aerodrom majmuasini qurish va undan foydalanish uchun mas’ul bo‘ladi.
Tasdiqlangan jadvalga muvofiq, joriy yil iyun oyida muhandislik tarmoqlarini ko‘chirish, hududni tayyorlashni yakunlash va bosqichma-bosqich qurilish ishlarini boshlash rejalashtirilgan. Yangi aeroport xalqaro aviaqatnovlar, savdo, logistika va turizmni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishi bo‘yicha AQSh bilan kelishuvga erishilgani haqida yozgan edi.