Yevropa investitsiya banki Toshkentda mintaqaviy vakolatxona ochdi

Yevropa investitsiya banki Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasini Toshkentda rasman ishga tushirdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ma’lum qildi.
Yangi vakolatxona ochilish marosimida YIB vitse-prezidenti Marek Mora ishtirok etdi. Uning ta’kidlashicha, bankning Markaziy Osiyodagi investitsiya portfeli qariyb 3 milliard yevroga yetgan bo‘lib, buning muhim qismi transport, energetika, suv ta’minoti, raqamli infratuzilma va iqlim loyihalariga yo‘naltiriladi.
O‘zbekistondagi loyihalar hajmi 1 milliard yevroga yetishi mumkin
YIB Global va O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hozirda mamlakatning «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi hamda Yevropa Ittifoqining Global Gateway tashabbusiga mos keladigan qator loyihalarni ko‘rib chiqmoqda.
Ular quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
- Transkaspiy transport koridori bo‘ylab «yashil», aqlli va xavfsiz transport tizimlarini rivojlantirish;
- Toza energiya va suv resurslarini samarali boshqarish loyihalari;
- Xavfsiz va ishonchli raqamli aloqa infratuzilmasi;
- Tibbiyot ta’minot zanjirlari va mahalliy vaksina ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash;
- Muhim xomashyo resurslarini qayta ishlash va mahalliy sanoat zanjirlarini rivojlantirish.
Bank ma’lumotlariga ko‘ra, imzolangan kelishuvlar va amaldagi memorandumlarni hisobga olganda, O‘zbekistonda ko‘rib chiqilayotgan loyihalarning umumiy hajmi 1 milliard yevroga yetadi.
Toshkentda yangi oqova suv tozalash inshooti qurilishi mumkin
YIB Global va «O‘zsuvta’minot» AJ Toshkentdagi Surum oqova suvlarni tozalash inshooti loyihasi bo‘yicha hamkorlik qilish niyatini bildirdi.
Loyiha doirasida kuniga 300 ming kub metr oqova suvni qayta ishlash quvvatiga ega zamonaviy majmua qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu poytaxtdagi sanitariya xizmatlari sifatini yaxshilash va mavjud infratuzilmaga tushayotgan yuklamani kamaytirishga xizmat qiladi.
«Mintaqaviy vakolatxona ochish qarorini qabul qilganimizda, Markaziy Osiyo qanchalik tez o‘zgarayotganini va sifatli investitsiyalarga talab naqadar yuqori ekanini ko‘rdik. Hududda bevosita faoliyat yuritish bizga tezroq ishlash, hamkorlar bilan yaqindan hamkorlik qilish va g‘oyalarni amaliy loyihalarga aylantirish imkonini beradi. Transport, energetika, suv xo‘jaligi va raqamli infratuzilma sohalarida katta imkoniyatlarni ko‘ryapmiz», — dedi YIB vitse-prezidenti Marek Mora.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov YIB vakolatxonasining ochilishi O‘zbekiston uchun muhim ekanini ta’kidladi:
«O‘zbekiston o‘z kelajagiga faol sarmoya kiritmoqda va bu kuchli xalqaro hamkorlikni talab qiladi. YIB ofisining Toshkentda ochilishi yangi tajriba, yangi moliyalashtirish imkoniyatlari va iqtisodiyotimiz hamda fuqarolarimiz uchun muhim bo‘lgan murakkab loyihalarni amalga oshirishga yordam beradigan uzoq muddatli hamkorni olib keladi».
Ma’lumot uchun, Yevropa investitsiya banki Markaziy Osiyoda 2009-yildan buyon faoliyat yuritib keladi. O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha asosiy kelishuv esa 2017-yilda imzolangan.
Avvalroq «Kursiv» nashri Polshaning yirik logistika operatori O‘zbekistonda kompaniya ochayotgani haqida yozgandi.