
Apple kompaniyasining ilk bukiluvchi smartfoni bo‘lishi kutilayotgan iPhone Ultra modeli haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Taniqli insayder Jon Prosser taqdim etgan renderlarga ko‘ra, qurilma kompaniyaning eng noodatiy smartfonlaridan biriga aylanishi mumkin.

Ma’lumotlarga qaraganda, smartfon ochilgan holatda kichik planshetni eslatadi va o‘lchamlari jihatidan iPad mini’ga yaqin bo‘ladi. Qurilmaning qalinligi atigi 4,5 millimetrni tashkil etishi kutilmoqda. Bu esa uni 5,6 millimetrli iPhone Air’dan ham yupqaroq qiladi.
Yangi modelning asosiy afzalliklaridan biri kengaytirilgan ko‘p vazifali ishlash rejimi bo‘lishi mumkin. Foydalanuvchilar bir vaqtning o‘zida ikkita ilovani ekranda parallel ravishda ishga tushira oladi. Bu imkoniyat hozirgi iPad modellari funksiyalariga yaqin bo‘lishi kutilmoqda.

Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone Ultra qora va oq ranglarda taqdim etiladi. Korpus titan materialidan tayyorlanib, qurilmaga qo‘shimcha mustahkamlik hamda premium ko‘rinish beradi.
Texnik jihatdan smartfon A20 protsessori, 12 GB tezkor xotira va mobil aloqa mavjud bo‘lmagan hududlarda favqulodda bog‘lanish imkonini beruvchi sun’iy yo‘ldosh modemi bilan jihozlanishi aytilmoqda. Kamera tizimi esa keng burchakli va ultra keng burchakli ikkita moduldan iborat bo‘ladi.

Apple’ning ilk bukiluvchi smartfoni narxi $2 mingdan boshlanishi mumkin. Qurilma joriy yil kuzida kompaniyaning an’anaviy taqdimot marosimida namoyish etilishi kutilmoqda.

Biroq Apple hozircha ushbu ma’lumotlarni rasman tasdiqlamagan, shu sababli keltirilgan xususiyatlar va dizayn tafsilotlari yakuniy mahsulotda o‘zgarishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 18 Pro narxi $1400 gacha bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.