Dam olish kunlari harorat 42 darajagacha yetadi

20–21-iyun kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari hamda Farg‘ona vodiysida ayrim joylarda kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
«O‘zgidromet»ga ko‘ra, markaziy va sharqiy viloyatlarda havo harorati 31–34 daraja atrofida bo‘ladi. Janubiy hududlarda esa harorat 37–40 darajagacha ko‘tariladi.
Shimoli-g‘arbiy hududlar va cho‘l zonasida havo yanada isiydi. Yakshanba kuni bu hududlarda harorat 39–42 darajagacha yetishi mumkin.
Shamol 7–12 metr/soniya tezlikda esadi. Ba’zi joylarda 13–18 metr/soniyagacha kuchayadi va chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. Ayrim joylarda sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli bor.
Toshkentda 20–21-iyun kunlari kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzi havo harorati 31–34 daraja bo‘ladi. Shamol vaqti-vaqti bilan 12–15 metr/soniyagacha kuchayib, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 20 – 22-iyun kunlari sel va suv toshqini kuzatilishi ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, kutilayotgan kuchli yomg‘irlar sabab respublikaning bir qator tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi ehtimoli mavjud.