Hindiston kompaniyasi O‘zbekistonda 20 mln dollarlik zargarlik zavodi qurishni rejalashtirmoqda

eʼlon qilindi
Goldstar Group kompaniyasi
Hindiston kompaniyasi O‘zbekistonda 20 mln dollarlik zargarlik zavodi qurishni rejalashtirmoqda
Foto: O‘zbekzargarsanoati uyushmasi

Hindistonning Goldstar Group kompaniyasi O‘zbekistonda zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha $20 millionlik yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish niyatida ekanini bildirdi. Bu haqda O‘zbekzargarsanoati uyushmasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, kompaniya delegatsiyasi Toshkentdagi Fonon korxonasiga tashrif buyurib, mahalliy soha vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan. Uchrashuvda zargarlik sanoatini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va eksport imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

Tomonlar loyiha doirasida ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘lga qo‘yish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishni ko‘zda tutuvchi hamkorlik memorandumi ustida ishlamoqda. Dastlabki rejaga ko‘ra, korxona yiliga 10 tonnagacha zargarlik buyumlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lishi mumkin.

Loyiha amalga oshirilsa, korxonada 100 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi va ularning 70 foizdan ortig‘i mahalliy mutaxassislar hisobiga to‘ldiriladi. Bu esa sohada malakali kadrlar ulushini oshirishga xizmat qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqandda qalbaki zargarlik buyumlari sotgan 20 ta subyekt aniqlangani haqida yozgandi.

Shuningdek