
iQOO kompaniyasi Z11 smartfonlar qatorini yangi model — iQOO Z11i bilan kengaytirishga tayyorlanmoqda. Bu haqda GSM Arena nashri ma’lum qildi.
Brend Xitoyda qurilmaning ilk rasmiy tizerlarini e’lon qilib, uning uchta rang variantini namoyish etdi. Smartfon Yashil cho‘qqi (Green Peak), Oltin sahro (Desert Gold) va Siyoh soyasi (Ink Shadow) ranglarida taqdim etiladi.
Hozircha iQOO yangi modelning texnik xususiyatlarini rasman oshkor qilmagan. Biroq, Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi insayderlardan birining ma’lum qilishicha, iQOO Z11i aprel oyida taqdim etilgan Vivo Y60 smartfonining qayta nomlangan versiyasi bo‘lishi mumkin.



Agar ushbu ma’lumot tasdiqlansa, iQOO Z11i 6,74 dyuymli LCD displey, 720×1600 piksel aniqlik, 120 Gts yangilanish chastotasi va 1200 nit maksimal yorqinlikka ega bo‘ladi. Qurilma Snapdragon 4 Gen 2 protsessori, 6 yoki 8 GB tezkor xotira hamda 128 yoki 256 GB doimiy xotira bilan jihozlanishi kutilmoqda.
Shuningdek, smartfon 13 megapikselli asosiy kamera, 5 megapikselli old kamera va 15 vattli simli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlovchi 6500 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq iQOO 15T smartfoni qanday texnik xususiyatlar bilan taqdim etilgani haqida yozgan edik.